Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri AQSh IT-kompaniyalarini O‘zbekistonda mintaqaviy ofislarini ochishga chaqirdi (foto)

AKT vaziri AQSh IT-kompaniyalarini O‘zbekistonda mintaqaviy ofislarini ochishga chaqirdi (foto)

Foto: Mitc.uz

Bugun, 9-iyun kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum bilan uchrashdi.

Elchi IT-parkning yangi qurilayotgan majmuasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

2022-yil 14-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markazga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shundan beri O‘zbekistondagi xorijiy davlatlarning elchilari, yetakchi mutaxassislari, IT-kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik masalalari muhokama qilib kelinmoqda.

Bugungi uchrashuvda dastlab «Astrum» IT-akademiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Unda AKT sohasining infratuzilmasi tubdan yangilanayotgani, dunyodagi yirik IT-kompaniyalarni jalb etib, IT-parkni yaxlit kompleks tarzda rivojlantirish, IT vakillari uchun qulay muhit yaratish maqsad qilinayotgani tushuntirildi.

Shundan so‘ng AKT vaziri elchini IT-parkning yangi qurilayotgan majmuasi bilan tanishtirdi.

Bu yerda yoshlarni yetakchi xorijiy kompaniyalarga masofadan turib xizmat ko‘rsatish kasbiga, ya’ni autsorsing (BPO va KPO) xizmatlarini ko‘rsatishga o‘rgatish, xorijning yetakchi IT-kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, mamlakatni mintaqaviy IT-markazga aylantirish maqsad qilingani aytib o‘tildi.

Shuningdek, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida axborot texnolgiyalari sohalarida hamkorlik yangi bosqichga chiqayotgani, AQSh yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, shuningdek, masofaviy xizmatlar ko‘rsatish autsorsing (BPO va KPO) markazlarini tashkil etishda asosiy hamkor bo‘layotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda Sherzod Shermatov Deniyel Rozenblyumga AQSh IT-kompaniyalarining O‘zbekistondagi mintaqaviy ofislarini ochishni taklif etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring