«Bobofon»ning o‘rniga ota-onamiz uchun zamonaviy smartfon tanlaymiz
Smartfon xarid qilayotgan insonlar safi kengayib bormoqda, ota-onamiz ham bundan mustasno emas. Ular uchun qo‘llaridagi eskirib qolgan, lekin qadrdon «Nokia» dunyodagi eng qulay aloqa vositaday tuyulsa-da, ularga smartfon sovg‘a qilganingizdan keyin biroz vaqt o‘tgach, sizga albatta minnatdorchilik bildirishadi.
Ehtimol, ota-onangizga internet tarmog‘ida vaqt o‘tkazish yoki «Instagram»ni kuzatib borish yoqmasligi mumkindir, biroq nabiralarining rasmlarini va farzandlarining videoxabarlarini «Telegram» orqali qabul qilish ularni xursand qilishi aniq.
Ular uchun aynan qanday smartfon mos kelishini anglab olsangiz bas. Buni tanlashda 5 jihatga ahamiyat berishingiz lozim.
Displey diagonali
Ota-onangizga aynan katta ekran tanlaganingiz ma’qul, to‘g‘ri, boshida ularning katta ekranga odatlanishi qiyin bo‘ladi. Harflarni xatosiz terish va barchasini aniq ko‘rish uchun 4,7 dyuymli ekran yetarli hisoblanadi. Displeyi 5,5 dyuymdan katta bo‘lgan smartfonni xarid qilishni esa tavsiya etmaymiz. Chunki ushbu gadjetdan bir qo‘lda foydalanish ular uchun noqulaylik tug‘diradi.
Akkumulyator sig‘imi
Ko‘pchilik ota-onalar afsonaviy «Siemens»ni haftalab quvvatlantirmasdan yurish mumkin deb mag‘rurlanishadi. Aynan shuning uchun ham ularga katta sig‘imli akkumulyatorga ega smartfonni tanlash juda muhim.
Haftalab quvvatlantirmaslik mumkin bo‘lgan gadjet yo‘q, albatta. Lekin hech bo‘lmaganda bir-ikki sutka davomida foydalanishga mo‘ljallangan smartfonni tanlashingiz mumkin. Agar ekrani 5 dyuymli smartfonni xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, akkumulyator sig‘imi 2500 mA soatdan, 5,5 dyuymli bo‘lsa unda 3000 mA soatdan kam bo‘lmagani ma’qul. Batareyaning optimal sig‘imi – 4000 mA soat.
Kamera
Ota-onalarimiz kameradan unchalik foydalanmaydi deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin amaliyot shuni ko‘rsatadiki, o‘rganib olish juda oson bo‘lgan ushbu vosita katta avlod tomonidan ko‘p ishlatiladi. Har bir onaga o‘z farzandini, nevaralarini, hovlidagi chiroyli gullarni va hatto mehr ila tayyorlangan taomni ham rasmga olish o‘ziga xos zavq bag‘ishlaydi. Shuning uchun ushbu jihatga e’tibor bering. Eng yaxshisi, asosiy kameraning suratga olish qobiliyati 8 megapikseldan ko‘p, frontal kameraniki esa 3 megapikseldan kam bo‘lmagani ma’qul.
Ko‘pincha ota-onalarimiz olgan rasmlar biroz bejalibroq chiqadi, chunki suratga olish tugmasini bosgan mahal telefon qo‘lda qimirlab ketishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun taymerni 2-3 soniyaga sozlab bering. Ushbu vaqt rasmga olish ob’yektiga smartfonni qaratish uchun yetarli hisoblanadi, maxsus ovozli signal esa gadjetni qachon qimirlatmay turishni eslatadi.
Amaliy (operatsion) tizim
Muayyan bir amaliy tizimni tavsiya etish qiyin. Shuning uchun, butun oila bo‘lib yangi interfeysdagi smartfonni o‘rgangandan ko‘ra, qadrdonlaringizga siz uchun interfeysi yaxshi tanish bo‘lgan smartfondan foydalanishni o‘rgatish ancha oson va qulay hisoblanadi.
Ota-onangizga smartfondan foydalanishni o‘rgatayotganda chuqurlashib ketmang. Shunchaki avval bu yerga, keyin esa u yerga bosish kerakligini ko‘rsatib bering. Ko‘rsatmalarni eslab qolish osonroq kechadi, nega aynan shunday qilish kerakligini esa vaqti kelib o‘zlari anglab yetishadi.
Korpus materiali
Katta avlodga gadjetdan foydalanishning qulay bo‘lishi muhim ahamiyatga ega, shuning uchun bo‘lajak smartfonning korpusi plastikli bo‘lgani ma’qul. Bu aslida unchalik muhim shart emas, lekin plastikni almashtirish oson va arzondir.
Shunda ham tanlagan smartfoningizning korpusi shisha yoki metalldan ishlangan bo‘lsa, shunchaki uning ustiga qo‘shimcha himoyalovchi g‘ilof xarid qiling.
Shunday qilib, ota-onangiz uchun ideal smartfon katta va yorqin displey, yuqori sig‘imli akkumulyator, o‘rtacha sifatda rasmga oluvchi kamera va sizniki bilan bir xil amaliy tizimga ega bo‘lishi kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter