Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi qishloqda «IT shaharcha» ish boshladi (foto)

Buxorodagi qishloqda «IT shaharcha» ish boshladi (foto)

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani markazidan salkam 25 kilometr olisda joylashgan «Oqrabot» mahallasining Oqrabot qishlog‘ida «IT shaharcha» ish boshladi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Jonibek Jumayev ma’lum qildi.

«Oqrabot» va unga tutash 9 ta mahallada jami 7,5 mingga yaqin yoshlar dasturchilik, grafik dizayn, kiberxavfsizlik va xorijiy tillar bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan. Yangi tashkil etilgan «IT shaharcha» bir mavsumda 180 nafar, bir yilda esa 700 nafardan ortiq o‘quvchini qamrab olish imkoniyatiga ega.

«IT shaharcha»sining bunyod etilishi tajribali mentorlar va yangi ish o‘rinlarining ham yaratilishiga turtki bo‘ldi. Shaharchada dars berayotgan mutaxassislar orasidan mahalliy yoshlar ham katta ulushga ega. Sohani chuqur o‘zlashtirgan va amaliyotga ega bo‘lgan mentorlar tanlab olinib, ishga jalb qilingan. Natijada markazning o‘zida 10 ga yaqin yosh mutaxassis doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan.

«Yoshlar uchun zamonaviy infratuzilmaga ega hamda frilans, startap va xizmatlar uchun  yangi maskan hisoblangan ushbu «IT shaharcha» hududida kutubxona, shaxmat xonalari, workout maydonchalari hamda kovorking zonalari ham barpo etildi. Bu imkoniyatlar yoshlarga darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, o‘zaro muloqot qilish, ijodiy g‘oyalar ustida ishlash va erkin muhitda dam olish imkonini beradi», — dedi Jonibek Jumayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring