Buxoroning «ayti» bo‘yicha o‘z brendi bo‘ladi (video)
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda «C++» dasturlash tili bo‘yicha o‘quv kurslari bo‘layotgani to‘g‘rida xabar bergan edik. Bu yaxshi tashabbus Buxoroda ham davom etmoqda.
«Buxoro azaldan ilm-fan markazi bo‘lgan. Bugun ham bilimli, intiluvchan yoshlar ko‘p. Buxoroning «ayti» sohasi bo‘yicha brendini yaratish kerak. Buning uchun barcha narsa — sharoit, resurs, intellekt bor», — degan edi Shavkat Mirziyoyev joriy yil boshidagi tashrifi vaqtida. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan yutuqlar ko‘zga tashlanmoqda.
Xalq ta’lim vazirligi tashabbusi bilan «SmartGov» hamkorligida informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarining bilimi hamda malakasini oshirish maqsadida «C++» dasturlash tili bo‘yicha Buxoroda ham o‘quv seminarlari olib borilmoqda. «Xabar.uz» viloyatning eng chekka tumanlarida ham bo‘lib, olib borilayotgan ishlarga guvoh bo‘ldi.
Buxoro viloyatining 11 ta tumanida jami 185 nafar informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari «C++» dasturlash tili bo‘yicha zamonaviy bilimlarni egalamoqdalar.
Bugun maktablardagi informatika fani darsliklari o‘z ustida ishlamagan o‘qituvchi uchun murakkablik qilishi tayin. Bu o‘quv kurslari o‘qituvchilarni zamonaviy dasturlar bilan ishlash va zamon bilan hamnafas bo‘lishiga yordam beradi.
«Nafaqaga chiqishimga 2 yil qolgan, lekin o‘zim shu dasturlash tilini o‘rganishga tashabbus bilan chiqdim. O‘rganganimni hali ko‘plab o‘quvchi va o‘qituvchilarga o‘rgatmoqchiman», – deydi Buxoro tumani 23-maktab o‘qituvchisi Malika Eleyeva.
Buxoroning chekka Jondor tumani 49-maktab o‘qituvchisi Gulola Bozorova prezidentimizning «Buxoroning «ayti» bo‘yicha o‘z brendi bo‘lishi kerak» degan gaplarini shior qilib olganliklarini, hali yosh avlodni shu brendning bir qismi sifatida tarbiyalashni reja qilganini aytdi.
Buxoro viloyatining Buxoro shahar, Kogon va G‘ijduvon kabi tumanlari ham o‘z faolligi bilan ajralib turganini kuzatdik.
Bugun zamonaviy dunyoda zamonaviy darsliklarga, shu darsliklarni o‘qita oladigan yetuk ustozlarga talab oshmoqda. Kelgusida ham bu ijobiy ishlar olib borilishiga ishonamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter