Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ChatGPTdan oldin ham AI bor edi. Uning asoschisi kim?

ChatGPTdan oldin ham AI bor edi. Uning asoschisi kim?

1927-yil 4-sentyabr kuni sun’iy intellekt sohasining asoschilaridan biri bo‘lgan amerikalik olim Jon Makkarti tavallud topgan.

Bugun «sun’iy intellekt» yoki AI degan tushuncha deyarli har kuni tilga olinadi. Telefondagi ovozli yordamchilar, matn yozadigan dasturlar, rasm va video yaratadigan texnologiyalar, katta ma’lumotlarni tahlil qilish tizimlari — bularning barchasi sun’iy intellektning zamonaviy ko‘rinishlaridir. Ammo «Artificial Intelligence», ya’ni «sun’iy intellekt» atamasining paydo bo‘lishida Jon Makkartining alohida o‘rni bor.

U 1956-yilda AQShda o‘tkazilgan Dartmut konferensiyasi uchun tayyorlangan ilmiy taklifda «Artificial Intelligence» atamasidan foydalangan. Shu voqea sun’iy intellektni alohida ilmiy yo‘nalish sifatida shakllantirishda muhim qadam bo‘lgan.

Qizig‘i, bugun biz bir necha soniyada ChatGPT kabi tizimlardan javob olishga odatlangan bo‘lsak, Makkarti yashagan davrda kompyuterlarning imkoniyatlari hozirgidan nihoyatda cheklangan edi. Shunga qaramay, u kompyuterlar kelajakda inson aqliga xos ayrim vazifalarni bajara olishi mumkinligi haqida jiddiy ilmiy g‘oyalarni ilgari surgan.

Jon Makkartining yana bir katta yutug‘i — LISP dasturlash tili. Olim bu tilni 1950-yillarning oxirida yaratgan. LISP keyinchalik sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarda keng qo‘llanilgan.

Uning yana bir qiziq g‘oyasi kompyuter vaqt resurslarini bir nechta foydalanuvchi o‘rtasida bo‘lishish orqali masofadan turib foydalanish imkoniyatini yaratish edi. Bugungi bulutli texnologiyalar g‘oyasiga o‘xshash bu yondashuv o‘sha davr uchun juda ilg‘or fikr hisoblangan. Uning qarashlarida kompyuter shunchaki hisob-kitob qiladigan qurilma emas, balki ma’lum vazifalarni inson kabi tahlil qila oladigan tizimga aylanishi mumkinligi haqidagi g‘oya muhim o‘rin tutgan.

Albatta, bugungi sun’iy intellekt Makkarti tasavvur qilgan texnologiyalardan ancha murakkab. Ammo zamonaviy AI sohasining ilmiy poydevori yaratilishida uning ishlari muhim ahamiyat kasb etgan. Jon Makkarti 2011-yilda 84 yoshida vafot etgan. Uning nomi sun’iy intellekt tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib qoldi.

Jon Makkartining ilmiy merosi bizga bir narsani anglatadi, texnologiyaning qiymati uning o‘zida emas, undan qanday foydalanishimizda. Sun’iy intellektdan foydalanganda tayyor javobni ko‘r-ko‘rona qabul qilmaslik kerak. AI bergan ma’lumotni muhim masalalarda qayta tekshirish, ayniqsa tibbiyot, huquq, moliya va rasmiy ma’lumotlarda ishonchli manbalarga murojaat qilish zarur. Shuningdek, sun’iy intellektni inson o‘rniga qaror qabul qiluvchi vosita emas, balki ishni yengillashtiradigan yordamchi sifatida qabul qilish eng to‘g‘ri yondashuvdir.

Bugun bir necha so‘z bilan savol berib, murakkab matn yozdirishimiz mumkin. Ammo bu imkoniyatdan oqilona foydalanish, berilgan javobni tahlil qilish va haqiqatni tekshirish hali ham insoniyatning, siz-u bizning zimmamizda!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring