Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Google Maps mafiya a’zosini tutishda yordam berdi

Google Maps mafiya a’zosini tutishda yordam berdi

Mafiya a’zosini tutib bergan surat.

Foto: «Google Maps»

Ispaniyada yashirinib yurgan italyan mafiyasi a’zosi Joakkino Gammino qo‘lga olindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

61 yoshli mafiozi Galapagar shahrida Manuel ismi ostida yashirincha yashab yurgan. Kunlarning birida oziq-ovqat do‘koni oldida turgan, Gamminoga o‘xshab ketadigan odamning surati  Google Street Viewda paydo bo‘ladi...

Gammino Rim qamoqxonasidan 2002-yilda qochib ketgan. U odam o‘ldirgani uchun bir umrga ozodlikdan mahrum etilgandi. Joakkino Gammino «Stidda» nomli Sitsiliya mafiya to‘dasi a’zosi bo‘lgan, Italiyada eng ko‘p qidirilayotgan gangsterlardan sanalgan.

Gammino, Sitsiliya politsiyasi taxmin qilganidek, Ispaniyaga qochgani ma’lum bo‘ldi, biroq aynan Google Mapsdagi surat uning izidan tushishda muhim rol o‘ynadi.

Qidiruvni boshlagan politsiya surat tushirilgan joyga yaqin joylashgan Cocina de Manu yopiq restoranining «Facebook»dagi sahifasi orqali Gamminoning shaxsini aniqladi. U yerda bosh oshpaz kiyimida suratga tushgan Gamminoni iyagidagi chandig‘idan tanishdi. Restoranda sitsiliyacha ovqatlar tayyorlangan.

Hibsga olinganidan so‘ng Gammino politsiyaga shunday savol bergan: «Meni qanday topdingiz? Hatto oilam bilan ham o‘n yildan beri qo‘ng‘iroqlashganim yo‘q».

Gammino Ispaniyada hibsda saqlanmoqda. Italiya politsiyasi qish oxirigacha uni ortga qaytarmoqchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring