Hududlarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va buning iqtisodiyotga ijobiy ta’siri

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar taraqqiyotning asosiy lokomotivlaridan biriga aylanmoqda. Jahondagi barcha davlatlar, jumladan, O‘zbekiston ham raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, uni har bir hududda rivojlantirish va bu orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Hududlarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish nafaqat zamonaviy boshqaruvni ta’minlaydi, balki ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.
Keyingi yillarda hududlarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali sohani yangi bosqichga olib chiqish borasida O‘zbekiston prezidentining bir qator qaror va farmonlari qabul qilindi. Natijada hududlar va sohalarni raqamlashtirish bo‘yicha qator loyihalar joriy etilmoqda. Bu orqali davlat organlari, aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratilmoqda, ish unumdorligi oshirilmoqda.
Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘nalishi bo‘yicha
Xorazm viloyatida 2025-yilning I yarim yilligida ko‘rsatilgan davlat xizmatlari soni 438 867 tani tashkil etgan. Shundan 281 051 tasi (64 foizi) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron arizalar, 157 816 tasi esa an’anaviy davlat xizmatlari markazi orqali ko‘rsatilgan. Yil yakuniga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 800 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Ushbu ko‘rsatilgan xizmatlar orasida murojaatlar soni bo‘yicha eng talabgir xizmatlar — «Ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olishga ariza berish» (68 635 yoki 15,6 foiz), «Kredit tarixi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish» (33 273 yoki 7,6 foiz), «Chet tilini bilish darajasini aniqlash» (20 470 yoki 4,7 foiz)dir.
Mikrohududlarning raqamlashganlik holati va 1-sinfga onlayn qabul qilish ulushi bo‘yicha
Bugungi kunda Xorazm viloyatida jami 542 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, shulardan 3 ta tuman (Gurlan, Yangiariq va Yangibozor tumanlari) va 2 ta shahar (Urganch va Xiva shaharlari)dagi 169 ta maktab 161 ta mikrohududga biriktirilgan.
Viloyatda jami 531 ta mikrohudud mavjud bo‘lib, raqamlashtirilgan mikrohududlar soni 160 ta, umumiy mikrohududlar soniga nisbatan 30 foizni tashkil qiladi.
Umumta’lim maktablarining 1-sinfiga o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan onlayn xizmat sohada shaffoflikni ta’minlab, korrupsiyaning oldini olishga hamda ota-onalarga qo‘shimcha qulaylik yaratishga xizmat qilmoqda.
Ijro intizomi idoralararo elektron hujjat aylanish tizimi bo‘yicha
2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, Xorazm viloyatida idoralararo elektron hujjat aylanish tizimiga ulangan tashkilotlar 2 281 tani tashkil etdi.
Viloyatdagi edo.ijro.uz tizimiga ulangan tashkilotlarning 78 foizni davlat tashkilotlari hamda 22 foizini nodavlat tashkilotlar va xo‘jalik hisobidagi korxonalar tashkil qiladi.
Hujjatlarni qayta ishlash, ko‘rib chiqish va ijrosini ta’minlash uchun hujjatning turiga qarab o‘rtacha 3-5 daqiqa vaqt oladi.
Qog‘ozdagi hujjat aylanishining kamayishi — Elektron formatda hujjatlar bilan ishlashga o‘tish natijasida qog‘ozda yuritiladigan hujjatlar soni 96 foizgacha kamaydi.
Bu esa o‘z navbatida, qog‘oz sarfi, arxivlash va yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilishi bo‘yicha
Bugungi kunda Urganch va Xiva shaharlarida jamoat transporti (avtobus) yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jami 296 ta avtobus harakatlanadi. Shundan Urganch shahrida 284 ta avtobusdan 153 tasi (54 foiz), Xiva shahrida 12 ta avtobusdan 12 tasi (100 foiz) ATTO elektron to‘lov tizimiga ulangan.
Joriy yilning shu davriga qadar jami to‘lovlar soni 4 302 300 bo‘lsa, ATTO orqali Urganch shahrida 3 989 405 marotaba (92,7 foiz), Xiva shahrida esa 312 895 marotabani (7,3 foiz) tashkil etdi. ATTO tizimini viloyatdagi qolgan tumanlarda joriy qilish orqali jamoat transportidan foydalanuvchi aholiga yanada qulay shart sharoitlar yaratiladi.
«Aqlli shahar» tizimlarini joriy etish bo‘yicha
Bugungi kunda Urganch shahar hokimligida «Aqlli shahar» axborot tizimi joriy etilmoqda. Bu orqali shaharni boshqarishda va istiqbolda strategik rivojlanish rejalarini belgilashda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan joriy yilning dekabr oyida Xorazm viloyati tajribasi asosida «Urganch shahrida aqlli va raqamli jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimi» va «Sun’iy intellektda boshqariluvchi hokimlik» loyihalari bo‘yicha respublika o‘quv-seminari tashkil qilish belgilangan.
Dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha
Yagona Integrator «UZINFOCOM» MChJ Xorazm filiali dasturchilari tomonidan respublikamizda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning HET Billing dasturiy kompleksi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Natijada iste’molchilarning foydalangan elektr energiyasini monitoring va hisob-kitob qilish jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi.
Hozirgi kunda Yagona Integrator «UZINFOCOM» MChJ Xorazm filialida 100 nafardan ortiq malakali yosh dasturchi mutaxassislar yuqori daromadli ish bilan ta’minlangan. Dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘nalishida amalga oshirilgan mazkur ijobiy ishlar hudud darajasida dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada jadallashtirishga zarurat mavjud ekanligini yana bir bor isbotlaydi.
Yuqorida ko‘rib chiqilganidek, iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish faqatgina ijobiy samaraga erishishga hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulaylik yaratishga, ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Shu sababli, hududlarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalasi o‘zining dolzarbligini yo‘qotmaydi.
Zafar Karimov,
O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi
Xorazm viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter