Ilon Mask 2050-yilda 1 million kishini Marsga jo‘natmoqchi
Amerikalik milliarder, SpaceX kompaniyasining xo‘jayini Ilon Mask kelajak uchun tuzgan rejalari qat’iyligini yana bir bor tasdiqladi: Oy o‘zlashtiriladi, 2050-yilda Marsga million kishi yuboriladi. Mask bu haqda SpaceX bazasidagi qisqa ma’ruzasida so‘zlab berdi. Ta’kidlanishicha, SpaceX bo‘lg‘usi fazoviy missiyalarga hozirlik ko‘rishni boshlab yuborgan.
Taqdimot chog‘i Mask aytishicha, takror muvaffaqiyatsizliklarga uchragan Starship kemasi kelgusi yili to‘liq tayyor bo‘lishi zarur. Biroq bu kema odamlarni o‘zga sayyoralarga olib uchmaydi. Yerliklar Marsga Starship kemasining uchinchi iteratsiyasi (avlodi) bilan parvoz qiladi. Ammo buning uchun juda ko‘p mehnat va izlanishlar talab etiladi.
«Koinot taxminan 13,8 mlrd yoshda, Yerning yoshi 4,5 mlrd atrofida, agar yozuv paydo bo‘lganidan hisoblasak, ongli sifilizatsiyaga 4,5 ming yil ham bo‘lmadi. Demakki, Starship insoniyatga 4,5 ming yil ichida o‘zini diversifikatsiyalash urinish va multisayyoraviy turga aylanishga urinish imkonini beruvchi ilk loyiha bo‘ladi. Ilgari texnologik jihatdan bunga imkonsiz edik, biroq SpaceX va Starship texnologiyalari bilan umidbaxsh imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda», — dedi Mask.
U Marsda o‘zini o‘zi ta’minlay oluvchi sivilizatsiyani qurish mumkinligiga ishonmoqda. Buning uchun 1 million kishi va 20 yil kerak bo‘larkan. Odamlarni va kerakli narsalarni Marsga eltish uchun yuzlab kemalar quriladi.
«Boshlanishiga sayyoralararo, keyin yulduzlararo turga aylana olsak, bizning sivilizatsiyamiz million yillar barhayot bo‘ladi. Aks holda — bir necha yuz yil», — ta’kidladi Ilon Mask.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter