Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kompyuter kimning foydasiga aldaydi yoxud billingdagi «xato»lar qachon tugaydi?

Kompyuter kimning foydasiga aldaydi yoxud billingdagi «xato»lar qachon tugaydi?

Foto: «Skelbiu.lt»

Mobil aloqa bizning eng yaqin hamrohimiz. Uning ko‘ngildagidek ishlashi uchun zamonaviy qurilmalar xarid qilamiz, xizmat haqini oldindan to‘lab qo‘yamiz. Qani edi kommunal to‘lovlarga ham shu tariqa yondashsak. Mayli, mavzudan chalg‘imaylik.

Mobil aloqa operatorlarining xilma-xil tarif rejalari, turli internet paketlari va bonuslari mavjud. OAVdagi jozibador reklamalar ulardan foydalanish ishtiyoqingizni oshiradi.

Ular aytgandek, zamonaviy xizmatdan foydalanish uchun «eng arzon» to‘lovlarni amalga oshirib, mobil tarmoqqa ulandik ham deylik, endi, raketa yoki superkar tezligidagi aloqa va internetga ega bo‘lamizmi?

Bizningcha bunga hali bor. Reklama va hayot o‘rtasidagi tafovut — katta.

Sababi, mutaxassis sifatida o‘zimiz duch kelayotgan holatlar shuni tasdiqlayapti.

Bilasiz, mobil kompaniyalardagi hisob-kitoblar kompyuter dasturlari (biz uni maxsus billing tizimlari deymiz) orqali amalga oshadi. Bu har qanday mijozni xotirjam qiladi. Sababi, kompyuter aldamaydi. Oddiy kalkulyatordan misol, unda 2+2 amali har qanday holda 4 chiqadi. Lekin, kalkulyator bilan kompyuter o‘rtasida katta farq bor. Shuning uchunmi kompyuterni allaqachon EHM deb atamay qo‘yganmiz. 

Shuni bilingki, mazkur billing tizimlarida ham xatoliklar uchraydi. Ular ham yanglishadi. Lekin, hech qachon sizning foydangizga emas, o‘z egasining foydasiga!

Bilsa — hazil, bilmasa — chin deganidek, xatoga yo‘l qo‘ysa ham faqat kompaniya foydasiga xato qiladi?!

Keling, gapni isboti bilan davom ettiraylik. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining Namangan viloyati hududiy bo‘linmasiga joriy yilning o‘tgan davrida mobil telefon raqami hisobiga yetarli miqdorda pul tushirganiga qaramasdan ishlamayotganligi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Taassufki, aksariyat murojaatlar ko‘rib chiqilganida aynan kompaniyalarning billing tizimidagi xatoliklar tufayli abonentlar mobil aloqa xizmatlaridan uzilib qolgani ma’lum bo‘ldi.

Xususan, 2018-yil 3-yanvar kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi Bahodir Olimov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) hisobidan mablag‘ yechib olinganligiga qaramasdan, uch kundan beri «UMS» kompaniyasi mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatmayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Murojaatni o‘rganish jarayonida aloqa xizmatlari uchun murojaat etuvchi hisobidan 2018-yil 2-yanvar kuni mablag‘ yechib olinganligi va «Gap Bor!» tarif rejasiga asosan 444 daqiqa chiqish qo‘ng‘iroqlari uchun hamda 50 Mb internet-trafigi taqdim etilishi kerak bo‘lsa-da, billing tizimidagi xatolik tufayli ushbu daqiqa va trafiklar taqdim etilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Mijozning kompaniyaga 6 marotaba qilgan murojaati ham yordam bermagan.

Inspeksiyaning Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi va kompaniya xodimlari tomonidan mazkur murojaat hamkorlikda o‘rganib chiqilgandan so‘nggina, 2018-yil 6-yanvar kuni murojaat etuvchiga 444 daqiqa va 50 Mb internet-trafik qayta tiklab berilib, ortiqcha olingan mablag‘ qaytarilgan.

Joriy yilning 1-yanvar kuni Namangan viloyati Pop tumanida yashovchi Akmal Soliyev (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) o‘zining «Ucell» kompaniyasi mijozi ekanligi, hisobidan ortiqcha mablag‘ yechib olinganligi va ushbu masala bo‘yicha qilgan murojaatlari javobsiz qolganligini ma’lum qilib,  mazkur masalada inspeksiyaning hududiy bo‘linmasiga murojaat qildi. Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida «Ucell» kompaniyasining billing tizimidagi xatoliklar tufayli murojaat etuvchining hisobidan  ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlandi va kompaniya tomonidan mazkur mablag‘ qaytarib berildi.

Shuningdek, billing tizimida nosozliklar respublikamizda eng ko‘p abonentga ega bo‘lgan va o‘zining yorqin reklamalari bilan ajralib turuvchi «Beeline» kompaniyasida ham kuzatildi. Kompaniyaning 2018-yil 1-mart kuni «Status» va «Bir Oy» tarif rejalaridan foydalanuvchilardan abonent to‘lovi yechib olinishida muammolar yuzaga kelganligi va o‘z vaqtida bartaraf etilmaganligi sababli ko‘plab mijozlar sarson bo‘ldi. Jumladan, hududiy bo‘linmaga 2018-yil aprel oyida Uchqo‘rg‘on tumani Yangiobod mahallasida yashovchi Olim Do‘stmatov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) «Beeline» kompaniyasi tomonidan hisobidan mablag‘ yechib olinganligiga qaramasdan, tarif rejasida belgilangan chiqish uchun qo‘ng‘iroqlar va internet trafiklar taqdim etilmaganligi yuzasidan murojaat qildi.

Murojaatni o‘rganish jarayonida, «Beeline» kompaniyasining axborot tizimi (billing)da 2018-yil 1-mart kunidagi muammolar sababli, murojaat etuvchining hisobidan abonent to‘lovi 3 mart kuni yechib olinganligi va navbatdagi to‘lov olish sanasi etib 2-aprel kuni belgilanganligi hamda murojaat etuvchi doimgiday oyning 1-sanasidan boshlab xizmatlardan foydalanishda davom etganligi uchun hisobidan mablag‘ yechib olinganligi aniqlandi. Bir qarashda hammasi to‘g‘riday, biroq hisob-kitob sanasidagi o‘zgarish yuzasidan mijozni ogohlantirish kompaniyaning xayoliga ham kelmagan.

Kelgusida bunday holatlar kelib chiqmasligini ta’minlash maqsadida inspeksiyaning Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan mobil aloqa operatorlariga ko‘rsatmalar va ogohlantirish xatlari taqdim etildi hamda ijrosi nazoratga olindi.

O‘ylanib qolasan kishi, nohaqlikka duch kelgan iste’molchilar andishadan kechib, murojaat orqali o‘z haq-huquqlarini tiklayapti. Bunga yetarli ahamiyat bermay, kompyuterning aldamasligiga ishongan mijozlar aldanib qolmayaptimikin?!

Yirik AKT mutaxassislarining sun’iy intellekt ustida ishlayotgani tez-tez quloqqa chalinib qoladi. Ehtimol shunday kashfiyot allaqachon yaratilgandir. U turli dasturlar ko‘rinishida o‘z egasi foydasiga yanglishib, ularni boy qilayotgandir ham. Bo‘lishi mumkin, u sun’iyda. Unda insof yo‘q, diyonat yo‘q, shu bois ertasini o‘ylamaydi.

Biz maqola yozish jarayonida xayolimizga kelgan bu fikrni mobil kompaniyalaridagi xatoliklarga bog‘lamoqchi emasmiz. Lekin ularni mijozlar haqini hisob-kitob qilish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolardan xulosa chiqarishga chaqiramiz.

Donishmand xalqimiz aytganidek “Qars – ikki qo‘ldan chiqadi”, mobil aloqa operatorlari tomonidan mijozlar oldidagi majburiyatlar vijdonan bajarilsa, abonentlar tomonidan xizmatlardan foydalanish hajmi oshadi va kompaniyalar daromadi ko‘payadi hamda yangi texnologiyalarni, ya’ni 4G va ufqda ko‘rinayotgan 5G avlod tarmoqlarini joriy etish imkoniyati yanada oshadi.

A.HASANOV, inspeksiyaning Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring