Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Matbuot anjumani: AKT sohasidagi yangi yutuqlar bo‘yicha ma’lumot berildi

Matbuot anjumani: AKT sohasidagi yangi yutuqlar bo‘yicha ma’lumot berildi

Bugun AOKAda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati rahbari Sh. Axmatov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Mazkur brifingda telekommunikatsiya yo‘nalishidagi islohotlar hamda  iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratishda axborot texnologiyalarining o‘rni,  keyingi vaqtda erishilgan yutuqlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Birinchidan, 2011 yilda operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi 939 816 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2016 yil ushbu ko‘rsatkich 295 030 so‘m bo‘lgan. Oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va samarali islohotlar natijasiga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi keskin arzonlashtirildi va hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 32 000 so‘m qilib belgilandi.

Olib borilayotgan ushbu samarali ishlarni xalqaro portallar ham e’tirof etmoqda. Misol uchun, Britaniyaning  Cable.co.uk portali dunyodagi mobil internet narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra O‘zbekiston 230 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi. Bir yil davomida mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini 33 pog‘onaga ko‘tardi.

Internet xizmatlarining sifati va yuqori tezligini ta’minlashga xizmat qiluvchi optik tolali tarmoqning uzunligi 2016 yilda tarmoqning uzunligi 22,2 ming kmni tashkil qilgan bo‘lsa, olib borilgan islohatlarning samarali natijasida 2020 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 68,6 ming kilometrni tashkil etdi, Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni 118,6 ming kilometrgacha yetkaziladi.

Respublikamizning telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bosh maqsadlaridan biri – ijtimoiy ob’yektlarni yuqori tezlikdagi internet aloqa bilan ta’minlash. Hozirgi kunda xalq ta’limi obektlarining 9 736 tasi (95 foiz), mahalla fuqarolar yig‘inglarning 8 485 tasi (92 foiz) militsiya tayanch punktlarning 3 798 tasi (60 foiz) hamda barcha maktabgacha ta’lim va tibbiyot muasassalari yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bilan ta’minlangan. Joriy yil oxiriga qadar barcha ijtimoiy obektlarni yuqori tezlikdagi Internet bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri – mobil aloqa xizmatlaridir. Shu maqsadda yurtimizda mobil aloqa tayanch stansiyalarining umumiy sonini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020-yilda tayanch stansiyalarining umumiy soni 31 740 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich 37 484 tani tashkil etmoqda.

Bu esa, o‘z navbatiga mobil aloqa abonentlari sonining o‘sishiga zamin yaratmoqda. Hozirgi kundagi natijalariga ko‘ra mobil aloqa foydalanuvchilarining soni 27,5 millionga, mobil internet foydalanuvchilar soni esa 21,7 millionga yetgan.

Eng ilg‘or texnologik ishlanmalarni joriy etishga ham katta e’tibor qaratildi. 2019-yil sentyabrdan ikkita mahalliy mobil operator - «UZMOBILE» hamda «UCELL» 5G texnologiyasini test sinovidan o‘tkazishni boshlagan va bugungi kunda Toshkent shahrining markazlaridan biri – Tashkent Siti hududida «UCELL» kompaniyasi tomonidan 5G aloqasi ishga tushurilgan.

Ikkinchidan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali takomillashtirildi hamda bugungi kunda Portal orqali 257 ta elektron xizmatlari ko‘rsatilishi ta’minlandi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2018-yilda 2,4 mln.ta, 2019-yilda 5,8 mln.ta, 2020-yilda 9,8 mln.ta xizmat ko‘rsatilgan.

Joriy yil yakuniga qadar Yagona portaldagi elektron xizmatlar soni 300 taga yetkaziladi.

Shuningdek, Internet foydalanuvchilari asosan mobil qurilmalardan foydalanishini inobatga olib, Yagona portalning mobil ilovasi ishlab chiqilib, undagi xizmatlar soni yil yakuniga qadar 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, pochta bo‘linmalari orqali davlat xizmatlarini taqdim etish maqsadida Yagona portalning alohida moduli ishlab chiqildi. Bugungi kunda 500 dan ortiq pochta bo‘linmalarida 33 turdagi davlat xizmatlari taqdim etilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida Yagona portal orqali 2,3 mln. dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilishi natijasida aholining 18 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishildi.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash uchun «Elektron hukumat»tizimi idoralararo integratsion platformasi bilan integratsiyalashish imkoniyati, bunda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan davlat organi ko‘rsatilgan hujjatlar va ma’lumotlarni mustaqil ravishda, ariza beruvchining ishtirokisiz, idoralararo elektron hamkorlik vositasi joriy qilingan.

2018 yil holatiga ko‘ra 55 ta veb-servis joylashtirilgan hamda idoralararo integratsion platformadagi veb-servislardan 3,6 mln. marotabadan ko‘proq foydalanilgan.

Bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich davlat organlarining 120 dan ortiq axborot tizimlari o‘rtasida oyiga o‘rtacha 100 mln. dan ortiq axborot almashinuvi amalga oshirilmoqda. Bu esa faqatgina qog‘oz xarajatlari uchun oyiga 7 mlrd. so‘m, yiliga esa 84 mlrd. so‘m mablag‘ tejab qolinishiga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu tizimga «Soliq», «Litsenziya», «Kadrlar», Yagona identifikatsiya tizimi, Tadbirkorlik sub’yekti kabineti, Davlat statistika qo‘mitasi axborot tizimlari, avtotransport vositalarini sug‘urtalash fondi axborot tizimlari kabi bir qator tizimlar integratsiya qilingan.

Uchinchidan, 2021 yildan boshlab Ochiq ma’lumotlar portalining yangi talqini (data.egov.uz) ishga tushirildi.

Ochiq ma’lumotlar portaliga (data.gov.uz) 2015-yilda amaliyotga joriy qilingan bo‘lib, unga jami 158 ta tashkilotning 12 mingdan ortiq ma’lumotlari joylashtirilgan bo‘lib, 7,8 mln. marta yuklab olingan.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologyalari texnologik parki filiallari tashkil etildi, shuningdek, respublikada IT-industriyani rivojlantirish, «startap-loyihalarni» har tomonlama, shu jumladan, venchur moliyalashtirish asosida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy choralar ko‘rildi.

To‘rtinchidan, Respublika bo‘ylab IT-Parkning 5 ta hududiy filiali (Andijon, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida) hamda 3 ta vaqtinchalik filiallari (Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida), shuningdek, AQShda IT-park vakolatxonasi tashkil qilindi.

Respublikada ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatilgan IT-xizmatlar hajmi 2020 yilga nisbatan (1 trln.so‘m) 160 foizga o‘sib, 2021-yil yarimda 650 mlrd.so‘mga yetkazildi.

Eksport qilingan dasturiy mahsulotlar va IT-xizmatlar hajmi 2021-yilning birinchi yarmida 17,5 mln. AQSh doll.ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘z navbatida, 2020-yilda amalga oshirilgan jami eksport hajmiga (16,4 mln. AQSh dollari) nisbatan 107 foizga o‘sdi.

Respublika bo‘ylab IT-xizmatlarni ko‘rsatadigan hamda IT-park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritatyogan IT-kompaniyalar soni 463 taga yetkazildi (2020 yilga nisbatan 130 foiz o‘sish), shuningdek, ularda 1 500 dan ortiq (2020 yilga nisbatan o‘sish 150 foiz) yangi ish o‘rinlari yaratildi.

2021 yildan boshlab IT-Park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari 4 dan 18 gacha kengaytirilgan. Xususan, bugungi kunga qadar robototexnika, ma’lumotlarni qayta ishlash hamda IT-autsorsing xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar huquqiga ega bo‘lishdi.

Shu bilan birga, bugungi kunga qadar IT-Parkning startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan 66 ta istiqbolli startap-loyiha jami 3,1 mlrd. so‘mdan ortiq miqdorda moliyalashtirildi.

Beshinchidan, Axborot texnologiyalarining o‘qitilishini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, mehnat bozorining malakali IT-mutaxassislarga bo‘lgan talabini qoniqtirish, yo‘nalishlarida bir qator vazifalar amalga oshirildi.

Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 6 oktyabrda AKT sohasida oxirgi yutuqlarga asoslangan holda va malakali IT-kadrlar bilan ta’minlash maqsadida ta’lim sohasini takomillashtirish bo‘yicha «Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qilindi.

O‘tgan yilda ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari tashkil etilib, jihozlangani, tizimdagi korxona va tashkilotlar ularga homiy sifatida biriktirilgani va 10 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani sohada boshlangan islohotlar qat’iy, ortga qaytmas ekanligini yana bir bor tasdiqladi. 2021 yilda 82 ta, 2022 yilda 64 ta va 2023 yilda 45 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi ko‘zda tutilgani ham shundan dalolat beradi.

Yoshlarning AKT yo‘nalishiga qiziqishlarini inobatga olib, TATUda 2020-2021 o‘quv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur OTM tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2020-2021 o‘quv yili uchun qo‘shma fakultetga 500 nafar talaba qabul qilindi. Umuman olganda, bugungi kunda, TATU va uning filiallarida jami 15 000 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.

2019 yilda Toshkent shahrida Amiti universiteti faoliyatini boshladi. O‘tgan o‘quv yilida 498 nafar talaba birinchi bosqichni yakunladi. 2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etilib, mazkur oliy ta’lim muassasasiga 384 nafar talaba qabul qilindi.

Janubiy Koreyaning poytaxtimizdagi Inha universitetida talabalarning umumiy soni 1506 nafarni tashkil etadi. Ularning orasida 420 nafari joriy o‘quv yilida imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlardir.

Oltinchidan, Aholining raqamli texnologiyalarda ishlash ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublikaning barcha tuman (shahar)larida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha 147 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini foydalanishga topshirildi va joriy yil yakuniga qadar markazlar soni 205 tani tashkil etiladi.

Buning natijasida 292 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishga erishildi.

Ushbu markazlarda kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 40 ming nafardan ortiq tinglovchi malakasini oshirdi.

Hududlar kesimida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida tahsil olganlar bo‘yicha Namangan viloyati (4 908 nafar) Jizzax viloyati (4 202 nafar) va Xorazm viloyati (3 888 nafar) yetakchilik qilib kelmoqda.

Yettinchidan, Pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha Milliy operator – 2020 yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, pochta xizmati sifatini oshirish va filiallarning moliyaviy holatini mustahkamlash bo‘yicha ma’lum ishlar amalga oshirilib quyidagi ko‘rsatgichlarga erishildi:

- biznes-rejada mo‘ljallangan 166,9 mlrd. so‘m o‘rniga 203,0 mlrd. so‘mlik daromad olindi (o‘sish 122 foiz);

- hisobot davrida mo‘ljallangan 47,8 mln. so‘m sof foyda o‘rniga 315,0 mln. so‘m sof foyda olindi;

- 2020 yil dekabrdan olis va chekka hududlarda joylashgan 860 ta pochta aloqasi ob’yektlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanilgan holda 33 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi;

- «Gibrid pochta» xizmatini rivojlantirish va ish unumdorligini oshirish maqsadida 2 ta avtomat konvertlash uskunasi sinov tariqasida Toshkent shahrida joriy etildi;

- mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar)ni joriy etish yuzasidan 30 ta pochtamatlar Toshkent shahri va viloyatlar markazlarining aholi gavjum joylariga o‘rnatildi;

2021 yil 1 maydan «AVVAL» to‘lovlar va o‘tkazmalar kompleks avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilib, pochta aloqasi ob’yektlarida to‘lovlarni onlayn rejim orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yildi;

625 ta pochta aloqasi ob’yektida AT «Aloqabank» bilan hamkorlikda autsorsing asosida bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi;

2021 yil iyuldan barcha pochta ob’yektlarida pochta jo‘natmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish avtomatlashgan axborot tizimi tatbiq etildi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring