Odamlarda AKT sohasi bo‘yicha bilim yetarli bo‘lsa, ochiq-oshkora jamiyat qurish shunchalik osonlashadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan ommaviy qabullarda fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yanvar oyining 26-sanasidan 7-fevralgacha Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tgan ommaviy qabullarda fuqarolarning hech bir murojaati e’tiborsiz qolmasligiga katta e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Bosh prokuraturasi, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va oliy va o‘rta maxsus ta’lim, moliya, adliya, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Markaziy bank, Majburiy ijro byurosi, «O‘zbekko‘mir», «O‘ztransgaz», «O‘zbekenergo» agentliklari, «Yergeodezkadastr», Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, Davlat soliq, bojxona, xotin-qizlar qo‘mitalari, «Mahalla» jamg‘armasi rahbar va mas’ul xodimlari ikki hafta mobaynida viloyat aholisi murojaatlari, muammolariyu takliflarini tinglab, ularga yechim topishga harakat qildilar. Ayniqsa, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasi vakillari ommaviy qabullarda alohida jonbozlik ko‘rsatishdi.
Viloyatning qaysi shahar yoki tumaniga bormaylik, AKT masalasi bo‘yicha aholidan ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Muammolarni aytish bilan birga shunday o‘rinli takliflar ham bildirildiki, bundan biz faqat xursand bo‘ldik. Demak, odamlar bu sohaga qiziqishyapti, uning imkoniyatlaridan unumli foydalanishga intilishmoqda.
Bugungi kunda hech bir soha rivojini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Aholining ham bu imkoniyatlardan foydalanishga bo‘lgan talabi kundan-kunga ortib bormoqda. Afsuski, AKT yutuqlari butun mamlakatimiz bo‘ylab bir tekisda kirib bormagan va bu tabiiyki, fuqarolarda juda ko‘plab haqli savollarning yig‘ilib qolishiga sabab bo‘lyapti. O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev boshchiligidagi vazirlikning yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Jamoliddin Po‘latov, «O‘zbektelekom» AK Toshkent filialining murojaatlar bilan ishlash guruhi rahbari Ilhom Rustamov hamda Toshkent viloyatidagi AKT sohasi rahbar va mas’ullaridan iborat ishchi guruh o‘tkazgan ommaviy qabullarda ham bu yana bir bor namoyon bo‘ldi.
— Viloyatning qaysi shahar yoki tumaniga bormaylik, AKT masalasi bo‘yicha aholidan ko‘plab murojaatlar bo‘ldi, — deydi J.Po‘latov. — Muammolarni aytish bilan birga shunday o‘rinli takliflar ham bildirildiki, bundan biz faqat xursand bo‘ldik. Demak, odamlar bu sohaga qiziqishyapti, uning imkoniyatlaridan unumli foydalanishga intilishmoqda. Masalan, kollej va litseylardagi informatika o‘qituvchilari o‘z malakalarini oshirish borasida hamkorlik qilish taklifini kiritishdi. Biz ularga yordam berishga tayyormiz. Chunki, chekka-chekka tumanlardan, qishloqlardan kuchli dasturchilar, AT-mutaxassislari yetishib chiqishi aynan shu fidoyi o‘qituvchilar bilimiga bog‘liq.
Darhaqiqat, odamlarning AKT imkoniyatlaridan foydalanishga qiziqishi juda yuqori bugun. Hech kim taraqqiyotdan ortda qolishni istamaydi. Bu ommaviy qabullarda joylarda telekommunikatsiya xizmatlarini, xususan, simli telefondan foydalanish ko‘lamini oshirish, mobil aloqa sifatini yaxshilash, buning uchun mobil kompaniyalar antennalari qamrovini kengaytirish, internet sifati va tezligi masalalari haqidagi murojaatlarda ham o‘z aksini topdi. O‘z navbatida, mutaxassislar murojaatchilarga raqamli televideniye, aholini tyunerlar bilan ta’minlash, mobil operatorlar, ayniqsa, «O‘zMobayl» filiali tomonidan taqdim qilinayotgan turli arzon paketlar, elektron hukumat kabi eng zamonaviy AKT xizmatlari haqida tushunchalar berishdi.
Murojaatlarning 91 foizi joyiga chiqib o‘sha kunning o‘zida hal qilindi.
Eng muhimi, murojaatlarning 91 foizi joyiga chiqib o‘sha kunning o‘zida hal qilindi. Bu boshqa sohalarga nisbatan juda yuqori ko‘rsatkichdir. Masalan, Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Zavodskiy» mahallasida 2800 nafar kishi istiqomat qiladi. Ular «Bilayn» va «O‘zMobayl» kompaniyalari xizmatlaridan foydalanishadi. Ammo, «Bilayn"ning antennasiga daraxt qulashi oqibatida zarar yetgan va bu aloqa sifatiga salbiy ta’sir qilayotgan edi. Mahalla ahlining ushbu muammo yuzasidan qilgan murojaati ham joyida o‘rganilib, hal etildi. Antennadagi uzilishlar bartaraf etilgach, uning signal qabul qilish qamrovi 15 kilometrdan 30 kilometrga kengaydi. Ya’ni, mahalla to‘liq mobil aloqa bilan ta’minlandi.
— Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlaganman, — deydi Yuqori Chirchiq informatika va iqtisodiyot kasb-hunar kollejining informatika fani o‘qituvchisi Kozim Murodov. — Yetti yildan buyon ushbu kollejda o‘quvchilarga informatikadan dars berib kelyapman. Bilasiz, bu soha doimiy izlanishni, o‘z ustida ishlashni talab qiladi. Chunki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari butun dunyoda shiddat bilan rivojlanib boryapti. O‘quvchilarimga sohaning sir-asrorlarini mukammal o‘rgatishim uchun avvalo o‘zim malakamni oshirib borishim darkor. Buning uchun esa nafaqat darsliklardan, balki internet imkoniyatlaridan ham foydalanishim zarur. Shu bois o‘zim yashayotgan «Istiqbol» mahallasini internet bilan ta’minlashni so‘rab ommaviy qabulga murojaat qildim. Mahallamiz yangi, 650ga yaqin xonadon mavjud. Mutasaddilar tomonidan murojaatim joyida o‘rganib chiqildi va shu kunning o‘zida besh yuz metrga yaqin kabel tortilib, mahallamiz «O‘zonlayn» interneti bilan ta’minlandi. Endi bemalol uyda ham kompyuterim orqali global tarmoqqa kirib, ZiyoNET ta’lim portali materiallaridan foydalanishim, turli dasturlash tillarini mustaqil o‘rganishim mumkin. Bu yangilik mahallamiz ahlini juda quvontirdi, boshqalar ham internetga ulanishni boshlab yuborishdi. Murojaatimni tez muddatda hal qilib bergan AKT mutasaddilariga, jumladan, Yangibozor telekommunikatsiyalar bog‘lamasi boshlig‘i Dilshod Miliboyev rahbarligidagi telekomchi yigitlarga minnatdorlik bildiraman.
Ommaviy qabul mobaynida ikki nafar yoshning soha bo‘yicha ishga qabul qilingani, ayniqsa, quvonarli.
Ommaviy qabul mobaynida ikki nafar yoshning soha bo‘yicha ishga qabul qilingani, ayniqsa, quvonarli. Masalan, 1993-yili tug‘ilgan bekobodlik Sardorbek Raupov aloqa sohasi bo‘yicha o‘rta maxsus ta’limga ega. Ammo, u shuncha yil sohada ishlamagan. Bekoboddagi zavodda, hatto otasi bilan Rossiyada ham ishlashga majbur bo‘lgan. Nihoyat, Bekobod tumanida o‘tkazilgan ommaviy qabulga ish so‘rab murojaat qilib yanglishmadi.
Olmaliqlik Durdona Hamzayeva esa Olmaliq telekommunikatsiyalar bog‘lamasiga ish yurituvchi sifatida ishga olindi. Aslida u ommaviy qabulga kelib, Bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat qilgan edi. U yerdan afsuski murojaatiga qoniqarli javob ololmadi. Uyiga noumid qaytayotgan bu qiz aloqa sohasi vakillari e’tiborini tortdi. So‘rab-surishtirishlardan ma’lum bo‘ldiki, murojaatchining kollejni bitirganlik haqidagi diplomi aynan aloqa sohasiga tegishli ekan. Paysalga solinmay tezda hujjatlari rasmiylashtirildi. Bir yosh avlod vakili qalbida umid uyg‘ondi. U o‘zi xohlagan sohada ish boshladi.
Xulosa o‘rnida aytsak, ikki haftada butun viloyatdagi barcha muammolarga, xususan, AKT tizimidagi murojaatlarga yechim topish qiyin, albatta. Chunki, ko‘plab murojaatlar joyida hal etilgan bo‘lsa-da, shunday muammolar borki, ular ma’lum vaqt va mablag‘ talab qiladi. Ammo, aytish mumkinki, Toshkent viloyatidagi ommaviy qabullarda sohamiz vakillari arzirli natijalarga erisha oldi. Muhimi, fuqarolar bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti, insonlar dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ushbu soha haqida ko‘proq tushunchaga ega bo‘lishdi. Odamlarda AKT sohasi bo‘yicha bilim yetarli bo‘lsa, ochiq-oshkora jamiyat qurish borasidagi vazifalar shunchalik osonlashadi. Ommaviy qabullar hali ko‘p bo‘ladi.
Usmonjon Yo‘ldoshev, «Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter