Sardor Baxramov: advokatlikdan – aloqachilikkacha
Yirik xalqaro kompaniyada e’tibor qozonish uchun nima qilish kerak? Albatta, har kuni o‘z kasbiy mahoratingizni ko‘rsatib, a’lo darajada ishlash. Lekin bir joyda to‘xtab qolmaslik, doimo rivojlanish ham muhimdir. Bu Beeline Uzbekistan’ning ekspert-yuristkonsulti Sardor Baxramovning tabiatiga mos keladi. Qisqa vaqt ichida u nafaqat o‘zi uchun mutlaqo yangi sohaga ko‘nikdi, balki Beeline jamoasining eng qadrli a’zolaridan biriga aylandi. Buning uchun u kompaniyaning 15 yilligi sharafiga oltin nishon bilan taqdirlandi.
Qulaylik doirasi qayerda joylashgan?
«Men avval boshqa joyda ishlaganman va hech narsani o‘zgartirishni xohlamasdim» – Beeline Uzbekistan’ning ko‘plab xodimlarining hikoyalari kompaniyaga kelgan vaqtlarini eslash bilan boshlanadi. Lekin, buni tushuntirish oson: tanish muhit, tark etish oson bo‘lmagan «qulaylik doirasi» ... To‘g‘ri, oxirida ma’lum bo‘ladiki, avvalgi joyda unchalik ham qulay bo‘lmagan.
Sardor Baxramovning eslashicha, Toshkent shahri tumanlaridan birida advokat bo‘lib ishlagan chog‘ida dam olish kunlari va oddiy ish vaqti qanaqa bo‘lishini bilmas edi. Shunga qaramay, uning Beeline Uzbekistan’ga o‘tishi tasodifan sodir bo‘lgan. Xususiy kompaniyalar yuristlarga qanday shart-sharoitlar taklif qilishlari unda qiziqish uyg‘otgan. Shunday qilib, Sardor o‘z rezyumesini Headhunter’da joylashtirgan – va tez orada uni intervyuga taklif qilishadi.
«Men HR-direksiyasida Tatyana Grigoreva bilan suhbatdan o‘tdim, — deydi Baxramov. — Shu suhbatning o‘zidan men shu kompaniyada ishlamoqchiligimni tushunib yetdim, chunki bu yerda har bir xodim qadrlanadi, ajoyib jamoa bor. Nihoyat, ular normal kun tartibini taklif qilishdi, men uchun bu yangilik edi. Taklif meni qiziqtirdi, endi mana ikki yarim yildirki, shu yerdaman. Beeline’ga kelishim bilan, juda tez orada o‘zimga savol berdim: nega men o‘n yil oldin bu qadamni qo‘ymadim, nega tunlari bilan ishlab chiqdim?! Aytgancha, ishimni o‘zgartirganimdan keyingina nihoyat uylandim. Bungacha oilaviy hayot haqida o‘ylashga ham vaqt yo‘q edi».
Jamoa qanday kutib oladi?
Beeline Uzbekistan’ga o‘tish tasodifmi yoki taqdirmi? Katta ehtimol bilan ikkinchisi, chunki Sardor kompaniya jamoasiga oson va tez qo‘shila oldi. Hamkasblar bunga har tomonlama hissa qo‘shdilar: ishining ikkinchi kunidayoq yangi yetakchi yuristkonsult ilk topshiriqlarini oldi. Texnik bo‘lim vakili Vladislav Vokal BS, AMS nima ekanligini, 3G va 4G tarmoqlari o‘rtasidagi farq qandayligini batafsil aytib berdi. Shu paytdan boshlab «qo‘rqinchli» professional atamalar tushunarli va tanish bo‘lib qoldi. Aslida, hammasi oddiy: BS - bu tayanch stansiyasi, AMS - antenna-machta konstruksiyasi, aloqachilar uskunalarni o‘rnatadigan minora, shunda telekommunikatsiya xizmatlari kengroq hududga tarqaladi. Nega yurist bularning barchasi haqida bilishi kerak? Chunki ruxsat olish, aloqa vositalarini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish uning vazifalariga kiradi. Uchinchi avlod chastotalari uchun esa 4G chastotalariga qaraganda biroz boshqacha hujjatlar talab qilinadi. Umuman olganda, telekom kompaniyasida ishlaganda, hamma joyda kasbga oid so‘zlar eshitiladi: yo‘laklarda, yig‘ilishlarda, hatto korporativ bayramlarda ham. Sardor atroflicha «likbez»dan so‘ng gap nimada ekanligini tushunib yetdi. Hozirda shunchalik ko‘p bilim to‘plaganki, hamkasblarning fikricha, sobiq advokat texnik bo‘limda ham bemalol ishlashga qodir. Hech bo‘lmaganda u o‘zini aloqachi deb hisoblashga to‘laqonli haqli.
Yangi jamoada Baxramov «ommaviy» yordamni his qildi: «Men boshqa bo‘lim xodimlariga savollarim bilan murojaat qila boshladim. Hamma yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, yordam berdi. Men uchun moslashish juda oson kechdi. Men bevosita rahbarim Tatyana Saxarovaga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Ha, u qattiqqo‘l, talabchan, lekin u har qanday vaziyatda yordam beradi. Kompaniyadagi birinchi qadamlarim Tatyana Nikolayevnaning «yetaklashi» bilan qilingan. Albatta, Beeline – ajoyib jamoa. Men bu yerda hech qachon janjal ko‘rmaganman - hamma bir-biriga tabassum qiladi! Boshqacha bo‘lganida, kompaniyani ancha oldin tark etgan bo‘lar edim».
Sud va ish
Yangi xodimlarni qo‘llab-quvvatlash har doim muhimdir. Lekin Sardorning o‘zi «jamoa odami» bo‘lmaganida, bu yordam bermasdi. Nisbatan qisqa vaqt ichida u juda ko‘p odamlar bilan tanishdi — endi u har bir Beeline Uzbekistan xodimining ismini biladi. Ochiq, sezgir va ijobiy, ajoyib yumor tuyg‘usi bilan u har qanday masalalarni — kompaniya ichida ham, davlat organlari bilan ishlash jarayonida ham muvaffaqiyatli hal qila oladi. Va bu, aloqa operatorlarining yuristlari ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tishlari, ba’zan — sudda kompaniya manfaatlarini himoya qilishlari kerak bo‘ladi. Lekin, shunda ham Sardor Baxramovning ijobiy munosabati va shubhasiz professionalligi o‘z natijasini ko‘rsatdi. Natijada, bosh maslahatchi bor-yo‘g‘i bir yildan so‘ng ekspert-yuristkonsult lavozimigacha ko‘tarildi.
– Turli sud jarayonlarida g‘alaba qozonganimdan, korxonada muntazam tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida ijobiy qarorlarga erishganimdan juda faxrlanaman, – deydi Sardor. – Hozirda ko‘plab qiziqarli yangi loyihalar mavjud. Biz metroda tarmoqni ishga tushirish, 5G tarmog‘ini ishga tushirish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etmoqdamiz. Ishonchim komilki, oradan yillar o‘tib, men ham shu ishda ishtirok etganimni faxr bilan eslayman. Garchi Beeline’da siz ko‘p narsaga tezda ko‘nikasiz. Avvaliga biz tufayli mobil aloqa qaysidir tog‘li yoki chekka hududda paydo bo‘lganida xursand bo‘lganimni eslayman, lekin hozir bu men uchun odatiy hol. Albatta, tarmoq qurilishi texnik mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi, lekin davlat idoralari bilan muzokaralar olib borish, uskunalarni o‘rnatishdan oldin hal qilinadigan barcha masalalar bizning ishimizdir».
Mukofotlar nima uchun beriladi?
Sardor Baxramovning barcha professional yutuqlariga qaramay, kompaniyaning oltin mukofoti uning uchun kutilmagan hodisaga aylandi. Rosti ham: atiga bir necha yil ishlab turib - jamoada mingdan ortiq odam bo‘lganda, yettita eng yaxshi xodimlardan biriga aylanish! Biroq, bu tanlov nafaqat «ishdagi jarayonlar» bilan izohlanadi. Sardorning hayotiy shiori «har doim «ha» deb javob berish». Uning rasmiy vazifalariga kiradimi yoki yo‘qmi, u kimgadir yordam berishni rad etmagan. Garchi buning uchun unga yana «ilm-fan granitini kemirish» kerak bo‘lsa ham, Sardor uchun o‘z zimmasiga yangi vazifalar olishi, ilgari o‘rganilmagan, huquqshunoslikning yangi qirralarini o‘rganishi muhimroqdir. Doimiy ravishda o‘z-o‘zini takomillashtirishga intilish esa mukofotga loyiq bo‘lgan sifatdir.
Kompaniyaning unga bergan yuksak bahosi Sardorning olg‘a intilishini davom ettirishiga sabab bo‘ldi: «Mening mehnatim qadrlangani juda yoqimli bo‘ldi. Ammo men: «Mukofotni oldi va endi bo‘shashdi» degan ahvolda bo‘lishni istamayman. Shunchaki, endi men yengishim kerak bo‘lgan cho‘qqi yana bir pog‘onaga ko‘tarildi.»
Hayot quvonchga to‘lganda
Ajablanarlisi shundaki, ko‘p turli xil vazifalar haqiqatan ham Baxramov bir vaqtlarda advokatlik amaliyotini tark etishga sabab bo‘lgan «normallashtirilgan ish kuni» davomiga sig‘adi. Muvaffaqiyatli ish endi shaxsiy hayotga xalaqit bermaydi.
Sardorning jajji o‘g‘li ulg‘aymoqda, u bilan har kunlik sayrlarining vaqti ham uzaydi. Uning vaqti endi xobbi uchun ham yetarli – Sardor o‘z qo‘li bilan bilaguzuklar va tasbehlar yasashni yaxshi ko‘radi. Uning uyida butun bir quyon fermasi ham mavjud. «Mening qirqqa yaqin quyonlarim bor, ular shunaqa chiroyliki - siz ularni albatta silab ko‘rgingiz keladi! Ayniqsa, quyonlarning nasl va zotlarini tushunuvchilar baholay olishadi, – deydi Sardor. «Ularni parvarishlash ko‘p vaqt oladi. Agar quyonlar kasal bo‘lib qolishsa, men o‘zim ukol qilaman, davolayman, chunki ularga qachon qanday dori berish kerakligini bilish kerak. Uyga qaytib, qafaslarni ochib, quyonlarimga qaraganimda – har qanday charchog‘im ketadi».
«Ish quvonch keltirsa, naqadar ajoyib!» - deydi Sardor Baxramov. U bilan yaqinroq tanishganingizda tushunasiz: uning o‘zi – Beeline Uzbekistan jamoasiga, tasbehlarini hadya qilgan do‘stlariga, oilasiga quvonch bag‘ishlaydi. Va hatto quyonlariga ham!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter