«TechnoWays» texnologik rivojlanish marafoni Respublika bosqichi o‘tkazilmoqda
«TechnoWays» texnologik rivojlanish marafoni har yili Innovatsion rivojlanish vazirligi va Innovatsiyalar Milliy ofisi tomonidan «InnoWeek.uz» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etib kelinmoqda.
Bu yildan boshlab esa marafon Respublikaning barcha 12 viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida o‘tkazildi va eng chekka hududlargacha kirib borib, u yerdagi iqtidorli yoshlarni innovatsion g‘oyalarini aniqlashga yordam berdi. Har bir hududdagi eng yaxshi loyiha egalariga Respublika bosqichiga yo‘llanma berildi.
Marafonning Respublika bosqichi ochilish marosimi «InnoWeek.uz» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida 17-oktyabr kuni INNO Texnoparkda o‘tkazildi. Innovatsiyalar Milliy ofisi Bosh direktori Olimjon To‘ychiyev tadbirni tantanali ravishda ochib berdi va ishtirokchilarni final bosqichigacha yetib kelganliklari bilan qutladi.
Ochilish marosimidan keyin, ishtirokchilarning birinchi guruhi o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazishdi. Texnologik rivojlanish marafoni doirasida tajribali spikerlar tomonidan ma’ruza va treninglar tashkil etiladi. Jumladan, spikerlar tomonidan g‘oyani startapgacha shakllantirish bo‘yicha master-klass o‘tkaziladi. Shuningdek, qolgan guruh ishtirokchilari uchun «Startaplarga investitsiyalarni jalb qilish» va «Maqsadli bozorni o‘rganish va raqobatchilarni tahlil qilish» mavzularida seminar treninglar o‘tkazildi.
17-19-oktyabrga qadar davom etadigan marafon doirasida ishtirokchilar uchun turli xil «Innotur» sayohatlari uyushtiriladi.
Marafonning final bosqichida hududiy bosqichlarda saralab olingan 80 ga yaqin ishtirokchi o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazishadi. Marafon 3 kun davomida 17-18-19oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. «TechnoWays» texnologik rivojlanish marafoni ishtirokchilari o‘z loyihalarini himoya qilishi va qay darajada dolzarb muammolarga yechim topishlariga qarab, malakali mutaxassislar tomonidan baholanadi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter