Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Timur Allayarov: «O‘zbek orzusi» to‘rt oy ichida ko‘ngilli talabalardan professional murabbiylar tayyorlaydi (video)

«O‘zbek orzusi» yoshlarga ingliz tilini IELTS 5,5 — 6 darajasida o‘rganish, kompyuter savodxonligi, «Elektron hukumat» tizimi xizmatlari va tadbirkorlik sirlaridan voqif bo‘lish imkonini beradi.

Jamiyatda, umuman butun dunyoda shunday tendensiya bor: odatda turli loyihalar, tashabbuslarga ma’lum bir yutuqlarga erishgan, motivatsiyaga ega faol yoshlar jalb qilinadi. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari, qiyin sharoitli, oliy ta’limga ega bo‘lmagan  yoshlar esa e’tibordan chetda qolib ketaveradi. Natijada jamiyatda muvaffaqiyatga faqat tanish-bilishchilik orqali erishish mumkin, degan stereotiplar shakllanib qoladi. Bunday qarash yosh avlod rivojiga juda salbiy ta’sir qiladi.

«O‘zbek orzusi» loyihasi ushbu qarashlarni yo‘qqa chiqarish niyatida. Loyihaga barcha istovchilar jalb etiladi. Kelajagini o‘z kuchi bilan qurmoqchi bo‘lgan va buning uchun yetarli bilim olishni xohlaganlarga ushbu loyihada qatnashish, o‘ziga munosib yo‘lni tanlash imkoni beriladi.

Loyiha koordinatori Timur Allayarovning ta’kidlashicha, ingliz tili bo‘yicha maxsus kurslar shunchaki o‘tilmaydi. Marra ancha yuqori olingan. Ishtirokchilar kuniga to‘rt soatdan ingliz tilidan maxsus dasturlar asosida saboq oladilar. Loyiha yakunida IELTSning 5,5 — 6 darajasini qo‘lga kiritishlari mumkin. Shuningdek, kompyuter savodxonligini oshirish bilan birga, «Elektron hukumat» tizimi xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshiradilar. Bugun ko‘plab davlat xizmatlari onlayn ravishda ko‘rsatilmoqda. Uydan yoki ishda o‘tirib ulardan yengilgina foydalanish mumkin. Ammo aholining keng qatlami hamon bundan bexabar yoki qanday foydalanishni bilmaydi. Buning o‘rniga kunlab vaqtini idorama-idora yurishga sarflaydi. «O‘zbek orzusi» loyihasi doirasida «Elektron hukumat» xizmatlari ko‘nikmalari nafaqat yoshlarga, barcha yosh toifasidagi fuqarolarimizga ham o‘rgatiladi.

Loyiha doirasidagi maxsus kurslar yakunida zamonaviy dunyoda muvaffaqiyat uchun kerakli bo‘lgan ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lgan yoshlar turli sohalarda o‘zini sinab ko‘rishga, jumladan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga yo‘naltiriladi.

Loyiha tashkil etilgani va ish boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ammo uning qamrovi va doirasi tobora kengayib bormoqda. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «O‘zbektelekom» aksiyadorlik  kompaniyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, nomdor tadbirkorlar va mutaxassislar, 150 nafarga yaqin ko‘ngilli yoshlar bu loyihaga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Birinchi bosqichda «O‘zbek orzusi» loyihasi to‘rt oy ichida ushbu ko‘ngillilardan professional murabbiylar tayyorlaydi. Ikkinchi bosqichda esa ular boshqa yoshlarga bilim berishni boshlaydilar. Shu tarzda ushbu tashabbusning qamrovi kengayib boradi, har bir fuqaro moddiy va ijtimoiy sharoitidan qat’i nazar, o‘z mehnati va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi yordamida ulkan muvaffaqiyatga erisha olishi mumkinligini his qila boshlaydi. Axir, kuchli istak va intilish orqali inson mo‘jizalar yaratishga qodir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring