Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

10 yillik tanaffusdan keyin Eronga qarshi sanksiyalar tiklandi

10 yillik tanaffusdan keyin Eronga qarshi sanksiyalar tiklandi

Foto: Reuters

28 sentyabrdan e’tiboran BMT Xavfsizlik kengashi Eronga qarshi 10 yil avval to‘xtatilgan sanksiyalarni qaytadan amalga kiritdi. Reuters agentligi xabar berishicha, xalqaro tuzilma Tehron sanksiyalarni to‘xtatish evaziga yadro dasturini cheklash bo‘yicha 2015 yilgi bitim shartlarini bajarmayotir degan xulosaga kelgan.

Aslida BMT Xavfsizlik kengashi joriy yil 19 sentyabr kuni sanksiyalarni tiklash haqida qaror qabul qilgandi. Ammo bu orada Rossiya va Xitoy tashabbusi bilan sanksiyalarni amalga kiritishni 6 oyga kechiktirish haqida rezolyusiya loyihasi ovozga qo‘yildi. shbu hujjatni Xavfsizlik kengashining 4 a’zosi (Rossiya, Xitoy, Pokiston, Jazoir) qo‘llab-quvvatladi, xolos. Kengashning 9 a’zosi qarshi ovoz berdi, ikki davlat betaraf qoldi. Shu tariqa Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash qarori kuchga kirdi.

BMT qayta tiklagan sanksiyalar Eronga qurol-aslaha yetkazishga embargo, bir qator jismoniy va yuridik shaxslar aktivlarini muzlatish kabi choralarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Eron uranni boyitish va qayta ishlash, yadro quroli tashuvchi ballistik raketalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi man etiladi.

2015 yilda Eron hamda dunyoning 6 yirik davlati (AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy) o‘rtasida tuzilgan bitimga muvofiq, Eron yadro dasturi bo‘yicha cheklovlar ko‘zda tutilgan edi.

2018 yilda AQSh Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida ushbu bitimdan chiqdi. Eron ham bunga javoban 2019 yilda mazkur bitimdan chiqqanini e’lon qildi.

G‘arb davlatlari Eron so‘nggi yillarda yadro dasturini kengaytirgan, uranni boyitish ko‘rsatkichi yadro kallaklari yaratishga yaqinlashib qolgan deb hisoblaydi.

Rasmiy Tehron esa yadro dasturi faqat tinch maqsadga qaratilganini aytib keladi. Mamlakat prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon kuni kecha BMT minbarida ham Eron yadro qurolini yaratishni maqsad qilmaganini yana bir karra ta’kidladi.

Eron AQSh bilan joriy yil apreldan boshlab yadro kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlagan edi. Ammo Isroil iyun oyida Eronga qarshi keng qamrovli aviahujumlar uyushtirdi.

Isroilning BMT nizomlari va xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda uyushtirgan hujumi oqibatida bir qator yuqori martabali harbiy mulozimlar hamda yadro sohasi olimlari o‘ldirilgan.

Iyun oxirlarida esa AQSh havo kuchlari Erondagi uchta yadroviy ob’yektga (Fordo, Natanz va Isfahon) bomba tashladi.

Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushdan keyin yevrouchlik, ya’ni Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Tehron bilan muzokaralar o‘tkazdi. Yevropa davlatlari muzokara yakunida Eron yadro dasturi bo‘yicha majburiyatlarni bajarish borasida qat’iyat ko‘rsatmadi degan xulosaga kelgan va sanksiyalarni qayta tiklash jarayoni boshlangan.

Eron tashqi ishlar vazirligi sanksiyalar qayta tiklanganini huquqiy jihatdan asossiz va nohaq chora deb baholagan. Rasmiy Tehron AQSh va Isroilning iyun oyidagi Eron yadro ob’yektlariga harbiy hujumlari xalqaro huquq va o‘zaro kelishuvlarga zid ekanini yana bir karra ta’kidlagan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi BMT Xavfsizlik kengashining ushbu qarorini qoralagan. Vazir Sergey Lavrovga ko‘ra, “G‘arb davlatlari xalqaro tuzilmalaridan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqda”.

“The Guardian” gazetasi sanksiyalar yuqori inflyasiya, valyuta taqchilligi kabi muammolardan aziyat chekayotgan Eron iqtisodiyotini yanada og‘ir ahvolga solishi haqida yozdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring