100 dollarlikka Donald Trampning portretini joylash taklif qilindi

AQSh respublikachilarining nazarida, milliarder Tramp umrining «oltin davri»ni oilasi bag‘rida, golf o‘ynab o‘tkazish o‘rniga siyosatga bag‘ishladi va Amerika iqtisodiyotini yuksaltirishga kirishdi.
Trampni munosib taqdirlash uchun, AQSh Respublikachilar partiyasi uning portretini 100 dollarlik kupyuraga joylashtirish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini taklif qildi. Bu amalga oshgan taqdirda 100 dollarlik banknotada Qo‘shma Shtatlar asoschilaridan bo‘lgan Benjamin Franklinning portreti o‘rnida Donald Trampning surati paydo bo‘ladi, deb yozdi Fox News.
Kongress a’zosi Brendon Gillning aytishicha, ushbu qonun loyihasi — Tramp «kelgusi to‘rt yilda qilajak barcha narsalar» evaziga ko‘rsatiladigan «kichik ehtirom».
Qonun o‘tgan taqdirda, tegishli banknotalar chiqarilishi kamida 2029-yildan boshlanadi.
Amerika valyutasining qiyofasini o‘zgartirish — og‘ir masala. So‘nggi marotaba 1929-yilda o‘zgarish qilingan: Endryu Jekson Grover Klivlendning o‘rniga 20 dollarlikda ko‘rinish bergan.
Barak Obamaning xuddi shu Jeksonni Garriyet Tabmenga almashtirish rejasi esa Tramp birinchi marta prezident bo‘lganidan keyin puchga chiqqandi.
Qolaversa, tirik insonni valyutada aks ettirish uchun AQShning amaldagi qonuniga ham o‘zgartirish kiritish talab qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter