Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

30 yillik jinsiy qullikdan so‘ng ayol pandemiya tufayli vataniga qaytdi

30 yillik jinsiy qullikdan so‘ng ayol pandemiya tufayli vataniga qaytdi

Foto: «VnExpress»

Yoshligida o‘g‘irlab ketilgan vetnamlik ayol 30 yil Xitoyda jinsiy qullikdan so‘ng pandemiya tufayli qochib o‘z vataniga qaytib keldi. Bu haqda «VnExpress» gazetasi xabar bermoqda.

12 yoshida Xa Txi Chinni tasodifiy tanishi aldab, Xitoyga taklif qilgan va chegaradan o‘tishi bilanoq mahalliy oilaga sotib yuborgan.

«Ular meni tunda fohishalik qilishga majburlashib, rosa xo‘rlashdi. Bir necha marta qochishga urindim, lekin yaxshi qo‘riqlashardi, shuning uchun barcha urinishlarim zoye ketdi. Ular meni ushlab olishib, qamchi bilan urishgan», — deya so‘zlab berdi Chin.

Uyga qaytish uning uchun ushalmas orzuga aylangandi. Ammo 2020-yil boshida Xitoyda koronavirus pandemiyasi boshlangani bois u qochib, uyiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.

«Biz, Vetnamning Ninbin provinsiyasidan bo‘lgan yana bir qiz bilan (uni ham Xitoyda sotib yuborishgan) qochishning yo‘lini topdik. Avvaliga men qo‘rqdim, lekin u baribir o‘lishimizni, uyga qaytish uchun o‘lib ketishni afzal bilishini aytib, meni ko‘ndirdi», — dedi vetnamlik ayol. Ular besh kun davomida o‘rmondan o‘tib, Vetnam bilan chegaraga yetib kelishdi.

Chegarachilar Chinga oziq-ovqat va ozgina pul berib, jonajon Futxo provinsiyasiga qaytishi uchun uni avtobus bekatigacha kuzatib qo‘yishdi. Ammo 30 yil Xitoyda bo‘lgach ona tilini unutib qo‘ygandi va shu bois Kuangnam provinsiyasida adashib qoldi.

Politsiya ayolning shaxsini aniqlab, uyiga qaytishiga yordam berdi. Chinning otasi Xa Van Xat qizini ko‘rib, ko‘zlariga ishonmadi.

«Politsiya menga qizim qaytib kelganini aytganida, kuldim va uni olib kelmagunlaricha shunchaki tush deb o‘yladim. Uning qo‘llarini ushlaganimda ko‘zlarimga yosh keldi», — dedi ota.

Chin ona tilini eslolmagani uchun otasiga hech nima deya olmasdan, uning oldida tizzalab qoldi.

Qaytib kelganidan bir yil o‘tgach Chin to‘rtinchi sinfda o‘qiydigan jiyani tufayli vetnamchani o‘rganib oldi. U uyda ota-onasi bilan yashaydi, buqa va tovuq boqadi. Vetnam tilida yana yozishni o‘rganib olgach, ayol ota-onasiga yordam berish uchun ish topishni rejalashtirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring