Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abramovich Ukraina urushi arafasida moliyaviy hiyla ishlatgani ma’lum bo‘ldi

Abramovich Ukraina urushi arafasida moliyaviy hiyla ishlatgani ma’lum bo‘ldi

Arxiv foto. Abramovich oila a’zolari bilan. 2003 yil

Rossiyalik oligarx Roman Abramovich 2022-yilning fevral oyi boshida, Ukrainaga bosqin boshlanishidan 3 hafta avval kamida 4 milliard dollar boyligini farzandlari nomidagi jamg‘armalarga o‘tkazgan. Bu haqda Buyuk Britaniyaning The Guardian gazetasi xabar berdi.

Tahririyat Abramovichning moliyaviy aktivlarini 20 yil davomida boshqarib kelgan MeritServus ofshor idorasi maxfiy hujjatlarini qo‘lga kiritgan. Hujjatlar tahliliga ko‘ra, tadbirkor urush boshlanishi arafasida ko‘chmas mulk, superyaxta, vertolyot, samolyot kabi boyliklarini oshig‘ich ravishda farzandlari nomiga o‘tkazgan.

2022-yil fevral oyiga qadar Abramovich Kipr va Jersi orollaridagi kamida 10 ta shirkatning yagona benefitsiari bo‘lgan. 4 fevraldan esa mazkur shirkatlar uning 7 nafar farzandi nazoratiga o‘tgan.  Masalan, qayta tashkil etish jarayonida A Corp trast shirkatining 51 foiz aksiyasi Abramovichning farzandlari ixtiyoriga berilgan. Grano Trust, Zeus Trust, Zephros Trust, Proteus Trust, Perseus Trust kabi shirkatlarda ham ana shunday o‘zgarishlar amalga oshirilgan.

Tahlilchilar Roman Abramovichning ushbu qadamini moliyaviy hiyla deya baholamoqda. Gap shundaki, Kreml Ukrainaga urush ochishi haqida taxminlar maydonga chiqqan ilk kezlardanoq G‘arb mamlakatlari rossiyalik oligarxlarga qarshi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilgan edi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq sanksiyaga tushgan shaxs muayyan kompaniyaning 50 foiz yoki undan ko‘proq aksiyasiga egalik qilsa, uning aktivlari muzlatilishi mumkin.

2022-yil 10-mart kuni Buyuk Britaniya, 15-martda esa YI Roman Abramovichga nisbatan sanksiya joriy qilgan.

The Wall Street Journal o‘shanda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan maslahatlashuvdan keyin AQSh rahbari Jo Bayden Abramovichni «qora ro‘yxat»ga tirkashdan tiyilgani haqida yozgan edi. Biznesmen Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida norasmiy vositachi o‘laroq ko‘rilgan.

2022-yil 19-dekabr kuni Kanada hukumati Abramovichga tegishli Granite Capital Holdings shirkatining 26 million dollarlik aktivlarini hibsga olish va musodara qilish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi.

The Guardian gazetasi fosh qilgan holat oligarxning farzandlariga ham sanksiya joriy qilish lozimmi degan savolga kun tartibiga chiqardi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring