Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putinga olib boruvchi 40 million dollarlik maxfiy bitim

Putinga olib boruvchi 40 million dollarlik maxfiy bitim

Foto: BBC

Sizdirilgan hujjatlarga ko‘ra, oligarx Roman Abramovich Prezident Putinning «cho‘ntagi» sifatida ko‘rilgan ikki odam bilan hamkorlik qilgan. «Chelsi» futbol klubining sobiq egasi bo‘lmish oligarx Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyasiga tushgan, ammo o‘zining Rossiya rahbari bilan moliyaviy aloqasi borligini rad qilgan edi.

Hozir Kiprdan sizgan hujjatlar uni 2010 yili tuzilgan 40 million dollarlik maxfiy bitimga bog‘lamoqda. Abramovich BBC’ning bu boradagi so‘rovini javobsiz qoldirgani aytilmoqda.

Maxfiy bitimda yuqori daromadli Rossiya reklama kompaniyasi – «Video International» Abramovichga tegishli kompaniyadan juda arzonga Putinga yaqin ikki shaxsga o‘tkazilgani qayd etilgan. Ular buning uchun millionlab dollar divident olishgan.

Xalqaro Surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi va «Paper Trail Media» o‘tgazgan «Cyprus Confidential» global surishtiruvining bir qismi sifatida «BBC Newsnight», «BBC Verify» va «Panorama Bureau of Investigative Journalism» bilan hamkorlikda ishlagan.

Maxfiy yozuvlar ko‘rsatishicha, bitim tomonlaridan biri Sergey Roldugin Rossiya prezidentining yaqin do‘stidir. Violanchel cholg‘uchisi bo‘lgan Roldugin Peterburg Musiqa uyi badiiy rahbaridir. Putin bilan yoshlikdan tanish musiqachi Rossiya prezidentini Lyudmila Shkrebneva bilan tanishtirgan. Qolaversa, Roldugin Volodya va Lyudmilaning birinchi qizi Mariyaga cho‘qintirgan ota hamdir.

Sergey Roldugin, Peterburg Musiqa uyi badiiy rahbari
Foto: Getty Images

Bitimga aloqador ikkinchi shaxs esa Putinning yaqin safdoshi, biokimyogardan biznesmenga aylangan Aleksandr Plexov. U ham Sankt-Peterburgdan. Roldugin ham, Plexov ham Putinning «cho‘ntagi» ekani aytiladi, ya’ni uning nomidan pul va aktivlarga egalik qilishadi.

Shu yil boshlarida Shveysariya prokurorlari bu ikki shaxs shunchaki qo‘g‘irchoq ekani, «Video International» bitimi bilan bog‘liq bank hisoblarining haqiqiy egalari emasligini aytgan edi. Sud bank hisoblarining haqiqiy egasi sifatida hech kimni ko‘rsatmagandi.

Prezident Putinning 2021 yildagi maoshi 100 000 dollardan sal ko‘proq edi. Biroq, uning boyligi 125 milliard dollardan 200 milliard dollargacha bo‘lishi mumkinligi haqida mish-mishlar bor, faqat ular shirkatlar tarmog‘ida va do‘stlarining hisoblarida yashiringan.

Putinning yaqin safdoshi, biokimyogardan biznesmenga aylangan Aleksandr Plexov
Foto: BBC

Plexovga Buyuk Britaniya hukumati, Rolduginga esa Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQSh ham sanksiya qo‘ygan, ushbu mamlakat musiqachini «prezident Putinning ofshor boyliklari saqlovchisi» deb atashgan.

Kipr bilan aloqa

«Cyprus Confidential» surishtiruvi Kiprda offshor xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalarning 3,6 million maxfiy korporativ yozuvlariga asoslanadi. Surishtiruvda ushbu kompaniyalarning Rossiya bilan va sanksiyalangan oligarxlar bilan munosabatlariga diqqat qaratilgan bo‘lib, ularning aksariyati oroldan o‘z maxfiy ofshor aktivlarini boshqarish uchun foydalangan.

Bularga Kiprda joylashgan «MeritServus» korporativ xizmatlar provayderidan olingan hujjatlar kiradi. Ular dastlab «Distributed Denial of Secrets» nomli fosh qiluvchi guruh tomonidan qo‘lga kiritilgan. «MeritServus»ning o‘zi shu yil boshida Buyuk Britaniya sanksiyasiga tushdi, chunki ichki hujjatlar kompaniya sanksiyalar talablarini buzganini ko‘rsatgan.

Foto: Getty Images

«MeritServus» Abramovichning Kiprdagi kompaniyalari bilan ham ishlagan. Oligarx 9 milliard dollardan ortiq boylikka ega, sport, san’at va hashamatli ko‘chmas mulklarga ko‘plab investitsiyalar qilgan. U 2003 yilda Londonning «Chelsi» futbol klubini sotib olib, Buyuk Britaniyadagi eng mashhur va nufuzli rus oligarxlaridan biriga aylangandi.

U prezident Putin bilan munosabatlarini kamaytirib ko‘rsatadi va yaqin moliyaviy munosabatlar yoki u Rossiya rahbari nomidan ish tutayotgani haqidagi taxminlarni rad qiladi. 2010 yilda Abramovichning matbuot kotibi uning «Bosh vazir Putin bilan hech qanday moliyaviy aloqasi yo‘qligini» aytgandi.

2021 yilda esa u jurnalist Ketrin Beltonni uning «Putinning odamlari» kitobida Abramovich 2003 yilda prezident Putin topshirig‘i bilan «Chelsi» futbol klubini sotib olgani haqidagi parcha uchun sudga bergan. Noshirning «pozitsiyani aniqroq bayon etish» va «Abramovichning klubni sotib olish sabablarini batafsilroq tushuntirish»ga roziligi tufayli ish suddan tashqarida hal qilindi.

Foto: BEN STANSALL

2022 yil martida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi Abramovichga sanksiyalar qo‘llagan edi. Yevropa Ittifoqi rossiyalik oligarx prezident Putin bilan uchrashish huquqiga ega edi va u bilan juda yaxshi munosabatda, Rossiya rahbari bilan aloqasi unga katta boyligini saqlab qolishga yordam bergan deb hisoblaydi.

Shu yil boshida Abramovich sudda Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qarshi chiqqan edi. Uning advokatining aytishicha, sanksiyalar rossiyalik tadbirkorning «mashhurligi» bilan bog‘liq va «dalillarga asoslanmagan». Ammo Roldugin va Plexov bilan tuzilgan maxfiy kelishuv Abramovich va prezident Putin o‘rtasida yaqin moliyaviy munosabatlar mavjudligiga dalolat qiladi.

Qirollik Birlashgan xizmatlar instituti qoshidagi Moliyaviy jinoyatlar va xavfsizlik tadqiqotlari markazi direktori Tom Kitingga ko‘ra, «bu ish Putin va Abramovich o‘rtasidagi taxminiy aloqani yana bir bor tasdiqlaydi».

Bitim

Kipr va Britaniya Virjiniya orollaridagi kompaniyalar tarmog‘i hamda trast futbol magnatining kelishuvga aloqadorligini yashirib kelgan. Sizdirilgan hujjatlar «Chelsi» sobiq egasining 2003 yilda «Video International»dagi 25 foiz ulushini sotib olgan ikki kompaniya bilan aloqalarini ko‘rsatadi.

Ikki kompaniya – «Finoto Holdings» va «Grosora Holdings» – 2003 yil boshida tashkil etilgan. Oxir oqibat, ikkalasi ham bir qator boshqa kompaniyalar orqali «Sara Trust Settlement»ga tegishli bo‘lib, Abramovich undan foyda olgan. Har bir kompaniya 2003 yil sentyabr oyida Rossiya reklama gigantining 12,5 foiz ulushini bir xil narxga sotib olgandi – har bir aksiya narxi taxminan 130 000 dollardan.

Putinning sobiq energetika vaziri va hozir faol muxolifat yetakchisi Vladimir Milov to‘langan narxni «kulgili» deb atab, «aslida bu ulush har jihatdan ancha qimmat» bo‘lganini ta’kidlagan. Xarid paytida «Video International» Rossiya kanallaridagi reklama bozorida ustun mavqega ega edi. Milovning aytishicha, kompaniya «Kreml ma’muriyatidan yarim qadam uzoqda» edi.

Abramovich keyingi yetti yil davomida «Video International»da ulushga ega edi. Bir gal kompaniya «2 milliard dollardan ko‘proq» aylanmasi borligini da’vo qilgandi. Bu davrda «Finoto va Grosora»ga 30 million dollar miqdorida dividendlar to‘langan. «Video International» 2010 yilda 3 milliard dollar daromad olgani haqida xabar berdi. Biroq, «Finoto» va «Grosora» o‘sha yili ulushini atigi 20 million dollarga sotdi, bu bozor qiymatidan past edi.

«Finoto Holdings» o‘z ulushini nominal ravishda Sergey Rolduginga tegishli bo‘lgan «Med Media Network» kompaniyasiga sotdi. «Finoto Holdings» sotilgan kuni, Abramovichga aloqador yana bir kompaniya «Grosora Holdings» o‘zining 12,5 foiz ulushini «Namiral Trading Ltd»ga sotdi. Keyinchalik bu kompaniyani Aleksandr Plexov bilan bog‘lashdi.

Putinning «cho‘ntaklari»

Prezident Putin va Roldugin o‘rtasidagi moliyaviy aloqalar 2016 yilda Panama hujjatlarida fosh qilingan. O‘shanda Panamaning «Mossack Fonseca» yuridik firmasidan millionlab maxfiy hujjatlar chiqib ketgan edi.

Roldugin va Plexov ikkisi Rossiya banki va prezident Putinning pul yuvish sxemasi markazida bo‘lgan. Rossiya banki 2014 yilda AQSh hukumati tomonidan sanksiyaga uchragan va uni «Rossiya Federatsiyasining yuqori martabali amaldorlari uchun shaxsiy bank» deb atagan edi.

Vladimir Putin va Sergey Roldugin, 2016 yil
Foto: Getty Images

Keyin Roldugin «New York Times’ga u biznesmen emasligini va «millionlari yo‘qligini» aytgandi. Biroq, qog‘ozda uning ofshordagi boyligi kamida 100 million dollardan ortiq deb baholangan.

Vladimir Milovning so‘zlariga ko‘ra, Rodulgin aniq Putinning shaxsiy boyligi uchun niqob bo‘lib xizmat qiladi. U musiqachi 100 foiz qo‘g‘irchoq ekani, chunki biznes, moliya, xalqaro munosabatlar va boshqalar haqida hech narsani tushunmasligini ta’kidlaydi.

Rolduginning Shveysariyadagi bank hisoblari haqidagi «Panama hujjatlari» oshkor etilishi yil boshida «Gazprombank»ning to‘rt nafar xodimi tergov qilinib, sudga tortilishiga sabab bo‘ldi. Shveysariya prokuraturasi bankirlarni Roldugin nomiga ochilgan hisoblarni noto‘g‘ri tekshirishda aybladi.

Xabarlarga ko‘ra, ular Rossiya prezidenti do‘stini aniqlamagan, ya’ni uning mavqei yoki munosabatlari korrupsiya xavfi yuqori bo‘lishi va xalqaro moliyaviy qoidalarga muvofiq qo‘shimcha tekshiruvlar zarurligini anglatardi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, «Gazprombank»dagi hisoblar bir vaqtda «Med Media Network» va «Namiral Trading Ltd» uchun «bir xil maqsad» bilan «Video International»dan «aksiyalarga egalik qilish va dividendlar olish» uchun ochilgan.

Prokurorlar ta’kidlashicha, kelishuv «Rossiya siyosiy idorasi uchun boshqariladigan aktivlar»ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri kengaytirilishini anglatadi. Ularning ta’kidlashicha, Roldugin va Plexov hisoblarning haqiqiy foyda oluvchisi emas, balki «nominal egalari»dir. To‘rt bankirning hammasi sudlangan, biroq apellyasiya shikoyati berilgani aytilmoqda. Plexov, Roldugin, Rossiya banki va prezident Putin ma’muriyati «BBC»ning bu boradagi so‘roviga javob bermagan.

«Maxfiy kanal»

Ko‘plab badavlat rossiyaliklar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat Kiprdan o‘zining ofshor investitsiya tarmog‘ining bir qismi sifatida foydalangan. Ushbu iqtisodiy aloqalar tufayli Rossiya «har yili Kipr iqtisodiyotiga o‘nlab milliard dollar olib keladi», deydi Xalqaro surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi vakili Fergus Shil.

Shilning ishiontirishicha, «Cyprus Confidential» surishtiruvi Yevropa institutlari va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar uchun «jiddiy muammolar» keltiradi. «Ushbu hujjatlarda biz Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lmish davlat Kreml, Vladimir Putin va uning yaqinlarining yashirin moliyaviy operatsiyalari uchun kanal ekanligini ko‘ryapmiz», deydi u.

Biroq Kipr o‘z aybini yuvishni boshlashi mumkinligi belgilari bor. 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirgandan keyin prezident Putinning moliyaviy aktivlariga yaqin hisoblangan ko‘plab rossiyaliklar Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushdi. Bu Kipr investitsiyalari egalari uchun bevosita oqibatlarga olib keldi. «Sanksiyalar oligarxlar endi Kiprdan Putinning iflos buyruqlarini bajarish uchun foydalana olmasligini ko‘rsatdi», degan mustaqil Kipr deputati Aleksandra Attalides.

Abramovichning «Eclipse» yaxtasi Turkiyada, 2023 yil, avgust
Foto: Getty Images

Ayni paytda, Abramovich vaqtini Rossiyaning Sochi kurorti, Istanbul va Tel-Avivda o‘tkazmoqda, deyiladi xabarlarda. Uning Rossiya, Isroil va Portugaliya pasportlari bor.

Oligarx Buyuk Britaniya va YeIda sanksiyalar nishoni bo‘lib qolmoqda, ammo u hali ham muhim aktivlarga egalik qiladigan AQShning sanksiyasiga tushgani yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring