Alisher Usmonov «Putinning yaqin odami» ekanini rad etdi
Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Italiyaning «Corriere Della Sera» gazetasiga bergan intervyusida, Rossiyaning Ukrainadagi urushi va G‘arb davlatlari tomonidan unga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar haqida gapirdi.
«Italiya menga qarshi sanksiyalar qo‘llagani meni xafa qildi, do‘stlar o‘zlarini bunday tutmaydilar. Lekin men siyosat siyosat ekanligini tushunaman», – degan Usmonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar uning oilasi, xodimlari va loyihalari benefitsiarlarining obro‘siga katta zarar yetkazgan.
Suhbat davomida Usmonovga «u Putinning topshiriqlarini bajaradimi yoki yo‘qmi», degan savol berilgan. Milliarder o‘zini Putinga yaqin shaxs ekanligini inkor etib, unga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarni adolatsiz deb atagan.
Shuningdek, Usmonov o‘ziga tegishli shirkatlar Ukrainadagi urushni moliyalashtirayotgani to‘g‘risidagi iddaolarni ham rad etgan. Tadbirkor Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganini qoralamadi va ayni paytda qo‘llamadi. Usmonov Ukraina urushi tez orada yakunlanishiga umid bildirgan.
Gazetaning yozishicha, Usmonov bilan aloqador kompaniyalar ballistik raketa, «Topol-M» raketa tizimlari, «T-80», «T-90», «T-14 Armata» tanklari, zirhli transport vositalari, aviabombalar, kalibrli raketalar, harbiy samolyotlar, kemalar, suv osti kemalarini ishlab chiqarishga yordam berib keladi.
Ma’lumot uchun, «Forbes» nashri 2022 yilning aprel oyida Usmonovning boyligini 11,5 milliard dollarga baholagan. Tadbirkor O‘zbekiston fuqaroligiga ega.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan «Putinga yaqin bo‘lgan shaxslar» qatorida Alisher Usmonovga nisbatan ham g‘arb sanksiyalari joriy etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter