Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amnesty International xatarli tendensiya haqida bong urdi

Amnesty International xatarli tendensiya haqida bong urdi

2024 yilda dunyo bo‘ylab 1518 ta qatl amalga oshirildi. Amnesty International inson huquqlari tashkiloti bu 2015 yildan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich ekaniga e’tibor qaratgan. Xalqaro tashkilot o‘lim jazosi ijrosi bilan bog‘liq raqamlar bundan ham ko‘p ekani, chunki ayrim davlatlar statistikani oshkor etmasligini ta’kidlagan.  

Amnesty International hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda ijro etilgan o‘lim hukmlarining 91 foizi Eron, Saudiya Arabistoni va Iroqqa to‘g‘ri keladi. Eronda yil davomida kamida 972 kishi (2023 yilda 853 kishi) qatl etilgan.

Saudiya Arabistonida 345, Iroqda esa 63 kishi o‘lim jazosiga mustahiq etilgan.

Xalqaro tashkilot ekspertlari fikricha, Xitoyda ham har yili minglab o‘lim hukmi chiqarilib, ijro etiladi. Ammo Xitoyda o‘lim hukmiga oid raqamlar davlat siri sifatida qo‘riqlanadi. Pekin hukumati korrupsiya, giyohvandlik moddalari savdosi kabi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini tatbiq etib keladi.

Vetnam va Shimoliy Koreyada ham o‘lim hukmi keng qo‘llanishi, ammo ushbu ikki davlat hukumati ham real raqamlarni oshkor etmasligi aytiladi.

G‘arb demokratik davlatlari orasida AQShda haligacha o‘lim jazosi ijro etilmoqda. Qo‘shma Shtatlarda 2024 yilda 25 kishi qatl etilgan, ammo  Amnesty International buni ham xavotirli tendensiya deb hisoblaydi. Qolaversa, 2024 yildan Janubiy Karolina, Jorjiya, Yuta va Indiana shtatlarida qatllar qayta yo‘lga qo‘yildi. Alabama shtatida o‘lim jazosi azotdan foydalangan holda amalga oshirilayotgani ham tanqidiy baholanmoqda.

Yevropa davlatlari orasida birgina Belarusda o‘lim hukmi ijro etiladi. Rossiyada o‘lim hukmi bekor qilinmagan, ammo unga moratoriy e’lon qilingan. Rossiya amaldorlari o‘lim hukmini qayta yo‘lga qo‘yish kerakligi haqida bayonotlar berib turadi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2008 yil 1 yanvardan jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilingan. Uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilgan.

Jinoyat kodeksida ikki modda: javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi) va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Toshkent shahri Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan vahshiy qotillik ortidan o‘lim jazosini tiklashni taklif qilgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev ushbu taklifga keskin e’tiroz bildirib, “o‘lim jazosini tiklash kerak deganlarga Konstitutsiya kitobini sovg‘a qilish”ni maslahat bergandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 1 maydan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 25-moddasida o‘lim jazosi taqiqlanishi alohida qayd etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham avvalroq “yashash huquqi har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgani”ni ta’kidlab, mamlakat ushbu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini aytgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring