Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh hukumati o‘zi joriy etgan taqiqni o‘zi buzgani ma’lum bo‘ldi

AQSh hukumati o‘zi joriy etgan taqiqni o‘zi buzgani ma’lum bo‘ldi

Foto: AFP

AQSh prezidenti Jo Bayden 2021 yilda Isroilning NSO Group shirkatiga nisbatan sanksiya joriy etgan. Bunga mazkur shirkat ishlab chiqargan Pegasus dasturidan noqonuniy ravishda, josuslik maqsadida foydalanilgani sabab bo‘lgan. Ammo taqiq joriy etilganidan besh kungina o‘tib, AQSh hukumati NSO Group bilan Cleopatra Holdings deb atalgan qo‘lbola firma orqali maxfiy shartnoma imzolagan. Bu haqda The New York Times gazetasi xabar berdi.

Bitimda Isroil kompaniyasi AQSh hukumatiga Landmark josuslik dasturini yetkazib berishi belgilangan. Ushbu dastur telefon raqami orqali uning egasi qayerda ekanini aniqlash imkonini beradi.

Oq uy AQSh milliy xavfsizligiga tahdid deb topgan va «qora ro‘yxat»ga kiritgan NSO Group bilan bitim tuzishga qaysi idora ruxsat bergani hozircha aniq emas. Jo Bayden ma’muriyati vakili bu holatdan endi xabar topganini aytish bilan cheklangan. Milliy razvedka idorasi esa izoh berishdan bosh tortgan. Surishtiruvlar shartnoma hamon kuchdi ekanini ko‘rsatgan.

NSO Group Isroilning josuslik dasturlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan IT shirkatidir. Xususan, u ishlab chiqargan Pegasus dasturi iOS va Android tizimidagi qurilmalarga o‘g‘rincha joylashib, ulardan xabar, fotosurat va elektron pochta xabarlarini ko‘chirish, qo‘ng‘iroqlarni yozish olish va mikrofonni yashirincha faollashtirish imkonini beradi. Dastur GPS ma’lumotlariga ega chiqib, gadjet egasining qayerda yurganidan ham boxabar bo‘ladi.

Pegasus ilovasi dastlab terrorchilarni kuzatish maqsadida ishlab chiqilgani e’lon qilingan. Ammo 2021 yilda The Guardian va yana o‘ndan ziyod nufuzli nashr jurnalistlari birgalikda o‘tkazgan surishtiruvda butun dunyodagi hukumatlar va maxsus xizmatlar Pegasus josuslik dasturidan jurnalistlar, muxolif siyosatchilar, inson huquqlari faollari va kompaniya rahbarlari telefonlariga hakerlik hujumi maqsadida foydalangani aniqlandi.

Yevropa Ittifoqining bir qator yuqori martabali mulozimlari ham ushbu josuslik dasturi orqali noqonuniy kuzatilgani fosh etildi.

Avval xabar berganimizdek, ushbu mojaro fonida dasturchilar smartfonda ayg‘oqchi dastur bor-yo‘qligini aniqlovchi ilova ishlab chiqqan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring