Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Qrim va ayrim hududlarni Rossiya hududi deb tan olishi mumkin

AQSh Qrim va ayrim hududlarni Rossiya hududi deb tan olishi mumkin

AQSh prezidenti Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda Rossiya nazoratiga o‘tgan hududlarni tan olishga tayyor.

The Telegraph nashri xabariga ko‘ra, Donald Tramp bu haqda Kremlga taklif yuborgan. Nashr manbalariga ko‘ra, Trampning vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner ushbu taklifni shaxsan Moskvaga borib yetkazgan.

Qayd etilishicha, bu AQSh diplomatik an’analariga zid bo‘lishi mumkin bo‘lgan qaror. Biroq Vashington bu masalada Yevropa pozitsiyasini hisobga olmayotgani ta’kidlanmoqda.

«Amerikaliklar Yevropaning fikriga qiziqmayapti. Yevropaliklar xohlaganini qilsin, deyishyapti», – deydi manbalardan biri.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vashingtonning Qrim, Donetsk va Luganskni Rossiya hududi sifatida qonuniy tan olishi Trampning «tinchlik rejasi» muzokaralaridagi asosiy masalalardan biri ekanini aytgan.

Kreml o‘tgan hafta AQSh va Ukraina amaldorlari bilan Shveysariyada o‘tkazilgan favqulodda uchrashuvlardan so‘ng tayyorlangan yangi tinchlik strategiyasi hujjatini olganini tasdiqladi.

Dastlabki 28 bandlik rejada AQSh Qrim, Lugansk va Donetskni «de-fakto Rossiya hududi» sifatida tan olishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Xerson va Zaporoje front chizig‘i bo‘ylab «muzlatilgan zona»ga aylantirilishi – bu ham amalda Rossiya nazoratini tan olishga teng.

Rejada Rossiya egallab turgan boshqa hududlarning bir qismini qaytarishi ham nazarda tutilgan.

Jenevadagi muzokaralardan sщng yangilangan 19 bandli hujjat Moskvaga nisbatan salkam kamroq imtiyoz berishi aytilmoqda, ammo bir necha manbalarga ko‘ra, AQShning ayrim hududlarni «tan olish» taklifi yangi rejada ham saqlangan.

Ukraina Konstitutsiyasiga binoan, hukumat hududdan voz kechmoqchi bo‘lsa, bu faqat umumxalq referendumi orqali tasdiqlanishi mumkin. Shu sababli Kiyev bunday hujjatni imzolashi ehtimoli juda past.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’muriyati rahbari Andrey Yermak Tramp bilan uchrashuv arafasida iste’foga chiqqan. Bu holat yangi muzokaralarga ta’sir qilishi mumkin.

«Aql-idrokli hech kim hududdan voz kechish haqida hujjat imzolamaydi. Zelenskiy prezident ekan, hech kim bundan umid qilmasin», – degan Yermak iste’fosidan oldin.

AQShning bunday takliflari Yevropa davlatlarini jiddiy tashvishga solmoqda. Ular bir necha bor kuch ishlatib chegarani o‘zgartirishni tan olmasligini ta’kidlagan.

Yevropaning 24 bandlik kontr-rejasida hududiy masalalar faqat to‘liq va shartsiz otashkesimga erishilganidan so‘ng muhokama qilinishi kerakligi aytiladi. Biroq Rossiyaning noqonuniy anneksiya qilingan hududlarini tan olish taklif qilinmagan.

2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan beri AQSh ham, Yevropa ham bu hududni Rossiyaniki deb tan olmagan. Agar Vashington buni tan olsa, bu agressor davlat foydasiga chegara o‘zgarishini qonuniylashtirish, xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish hamda Yevropada xavfsizlik tizimiga tahdid sifatida qabul qilinishi mumkin.

So‘nggi ma’lumotlar Yevropa siyosatchilari orasida xavotirni kuchaytirgan. Tramp ma’muriyati Ukraina manfaatlariga zid bo‘lgan kelishuvni Kiyevga majburan qabul qildirishi mumkinligi haqidagi taxminlar ortmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring