Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh razvedkasi rus armiyasida kuzatilayotgan noodatiy holat haqida xabar berdi

AQSh razvedkasi rus armiyasida kuzatilayotgan noodatiy holat haqida xabar berdi

Ukrainadagi harbiy harakatlarda tomonlar tin olmoqda. Rossiya ham, Ukraina ham bahorga amaliyotlarga kuch yig‘moqda. AQSh razvedkasiga ko‘ra, bu borada Ukraina ustunlikka ega. 

AQSh milliy razvedkasi rahbari Evril Heynsning fikricha, Rossiya bahorda yana faol bosqichga o‘tishi kutilayotgan harbiy to‘qnashuvlarga to‘liq hozirlana olmaydi.

Qayd etilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat qurolli kuchlarining mag‘lubiyatga yetaklovchi xatti-harakatlaridan hayratga tushgan.

«O‘ylashimcha, u (Putin – tahr.) Rossiya harbiylari duch kelayotgan muammolardan endilikda ko‘proq xabardor etilgan. Lekin ular (rus harbiylari – tahr.) qanday murakkab holatda qolgani haqida u to‘liq tasavvurga ega yoki ega emasligi noma’lum», – deydi  E.Heyns.

Qo‘shma Shtatlar razvedkasiga ko‘ra, Rossiya harbiylari Ukrainada shu qadar ko‘p harbiy zaxirani ishlatmoqdaki, rus mudofaa sanoati kamchiliklarni to‘ldirishga ulgura olmayapti.

«Rossiya harbiy o‘q-dorilarni juda tez ishlatmoqda. Buni noodatiy holat deb atagan bo‘lar edim. O‘rganishlariga qaraganda, ular hozirgi bosqichda ishlatib bo‘lingan zaxira o‘rnini mustaqil to‘ldirishga qodir emas», – deydi  AQSh razvedka rahbari.

Avvalroq prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya armiyasi Ukrainaga 4700 dan ortiq raketa uchirgani, yuzlab raketalar turarjoy binolari, korxonalar, elektr stansiyalariga kelib tushayotganini aytgan edi.

Qo‘shma Shtatlar josuslik xizmati mushkul vaziyatda qolgan Rossiya harbiy ko‘mak so‘rab Shimoliy Koreya va Eronga murojaat qildi deb hisoblaydi. Shimoliy Koreya cheklangan miqdorda ko‘mak ko‘rsatgan. Eron esa harbiy dronlar yetkazib bergan.

Yakshanba kuni Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Rossiya jamoatchiligi orasida urushni qo‘llab-quvvatlovchilar safi siyraklashib borayotganini ma’lum qilgan. Kreml axborot makonini nazorat qilishga zo‘r berib harakat qilayotganiga qaramay, safarbarlik tadbiridan keyin urush nafasi ko‘plab xonadonlarga bevosita kirib bordi.

So‘nggi yopiq ijtimoiy so‘rovlar Rossiyadagi 55 foiz aholi Ukraina bilan muzokara o‘tkazishni talab qilayotgani, 25 foizi esa urush tarafdori ekanini ko‘rsatdi.  

«Levada-sentr» noyabr oyida o‘tkazgan so‘rovda ham shunga yaqin natija qayd etilgan: 53 foiz respondent tinchlikni, 41 foizi esa urushni yoqlagan.

Avvalroq Rossiyaning Qora dengiz floti Ukraina bilan urushda jangovar kuchining 15 foizini yo‘qotgani xabar qilingan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring