AQSh uyg‘urlar sabab Xitoyni jazoladi
Londonda uyg‘urlar huquqlari buzilishi yuzasidan norozilik namoyishi.
AQSh uyg‘urlar huquqlari buzilishi sabab Xitoyga qarshi sanksiyalarni kuchaytirdi. Jumladan, joriy yil 31-iyuldan e’tiboran Xitoyning 43 ta kompaniyasi ishlab chiqargan mahsulotlarning Qo‘shma Shtatlarga eksporti taqiqlandi.
Tog‘-kon, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektronika kabi yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi shirkatlar uyg‘urlarni majburan ishlatishga aloqador deb ko‘rilgan.
Shu tariqa uyg‘urlarni majburiy mehnatga jalb etishning oldini olish to‘g‘risidagi qonun (UFLPA) doirasidagi ro‘yxatga kiritilgan Xitoy kompaniyalari soni 187 ta yetdi. Bu — “qora ro‘yxat”ning prezident Donald Tramp ma’muriyatida davrida ilk bor kengaytirilishidir.
Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasidan importni taqiqlash haqidagi qonun 2021-yil dekabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolangandi. H.R. 6256 raqamli qonunda mazkur mintaqa aholisini majburiy mehnatga jalb qilganlarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash ko‘zda tutilgan.
AQSh Xitoyni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmon aholi haq-huquqlarini qo‘pol ravishda buzishda ayblamoqda. Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda.
Qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan. Hisobotda lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani xabar qilingan.
Davlat departamenti 2021-yil yanvar oyida Xitoyning Shinjondagi siyosatini genotsid deb atagandi.
Donald Tramp ham 2020-yil iyun oyida, birinchi prezidentlik davrida uyg‘ur va boshqa musulmon ozchilik huquqlarini buzgani uchun Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiya joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, Xitoy hududida yashovchi uyg‘urlar hamda boshqa musulmon elatlar huquqlarini buzishga aloqador bo‘lgan tashkilot va shaxslarning mablag‘lari muzlatilgan, ularning Qo‘shma Shtatlar hududiga kirishi cheklangan.
2020-yili Avstraliya strategik siyosat instituti (The Australian Strategic Policy Institute) Xitoy hukumatining bosimi ostida o‘n minglab uyg‘ur hamda boshqa elatlarga mansub musulmonlar qullik sharoitida mehnat qilayotgani haqida hisobot e’lon qilgan edi.
2021-yil iyun oyida esa Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Shinjon uyg‘ur-muxtor o‘lkasida yashovchi millatlar qatag‘on qurboni bo‘layotgani xususida hisobot e’lon qildi. 160 sahifali hisobotda “qayta tayyorlash lagerlari” deb atalgan yuzlab tutqungohlarda uyg‘ur, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik kabi oz sonli millat vakillariga nisbatan zulm va zo‘ravonlik siyosati yuritilayotgani bayon qilingan.
Qayd etilishicha, “terrorizmga qarshi kurash” deya niqoblanayotgan kampaniyadan ko‘zlangan maqsad mazkur millatlarning diniy e’tiqodi, milliy qadriyatlari va tilini yo‘q qilishdan iboratdir.
Jahon hamjamiyati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmonlar xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda tutqunlikda saqlanayotgani borasida xavotir bildirib kelmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mazkur holatni qoralagan.
2022-yilda esa BMTga a’zo 50 davlat uyg‘urlarga qarshi repressiv siyosatni tanqid qilgandi.
Xitoy tomoni yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Qayd etilishicha, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati yanglish talqin qilinmoqda.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida Umumxitoy xalq vakillari kengashi, ya’ni Xitoy oliy qonun chiqaruvchi idorasi majlisida qabul qilingan “Etnik birlik va taraqqiyotga ko‘mak”ka doir qonun ham xavotirlarga sabab bo‘lgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter