Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ularning o‘rtasidan yana “qora mushuk” o‘tdi

Ularning o‘rtasidan yana “qora mushuk” o‘tdi

Tramp ko‘p masalalarda Makron bilan til topisha olmayotir.

Foto: Reuters

AQSh va Fransiya o‘rtasida yana bir diplomatik ziddiyat yuzaga keldi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ko‘p yillik do‘sti Orelen Leshevaleni AQShga elchi sifatida yuborishga qaror qilgandi, ammo Vashington mazkur diplomat nomzodini tasdiqlashni atayin paysalga solmoqda.

Orelen Leshevale Fransiya prezidentining maslahatchisi sifatida ishlagan, ayni paytda tashqi ishlar vazirligi devonxona mudiri vazifasida faoliyat yuritmoqda. AQSh rasmiylari darg‘azab bo‘lishiga 49 yoshli diplomat Orelen Leshevalening aloqasi yo‘q. Ikki ittifoqchi o‘rtasida “qora mushuk” o‘tishining sababi boshqa.

Gap shundaki, joriy yil 24-iyul kuni BMT Bosh assambleyasida Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Folker Tyurkning vakolat muddatini uzaytirish masalasida ovoz berish bo‘lib o‘tgan edi. AQSh Folker Tyurk oliy komissar sifatida faoliyatini davom ettirishiga qarshi chiqqan. Uning G‘azo sektorida Isroil zo‘ravonligini tanqid qilgani, AQSh migratsiya xizmati xatti-harakatlari  sabab insonlar o‘limi yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni talab etgani AQSh ma’muriyatiga yoqmagan.

Oqibatda AQSh Folker Tyurk masalasida demokratiyadan yiroq deb ko‘riladigan davlatlar bilan bir safda ovoz bergan. Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili idorasi esa Qo‘shma Shtatlarning ushbu qarorini keskin tanqid qilgan.

«Qo‘shma Shtatlar qachonlardir inson huquqlari bo‘yicha namuna edi. Bugun esa unday emas. Endilikda u Shimoliy Koreya, Nikaragua, Mali va Rossiya bilan birgalikda izolyasiyaga tushib qoldi. Dunyo ham ortiq unga quloq solmayapti», — deb ijtimoiy tarmoqlarda post e’lon qildi Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili idorasi.

Bu bayonot Qo‘shma Shtatlar hukumatida keskin e’tiroz uyg‘otdi. Shu bois BMT Xavfsizlik kengashida Fransiya vakili Ukraina masalasida chiqish qilayotgan paytda AQSh diplomatlari zalni namoyishkorona tark etishdi.

Vashington bu bilan cheklanmay, endilikda Fransiya yubormoqchi bo‘lgan elchini ma’qullashni ortga surmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati Orelen Leshevale nomzodini ma’qullash jarayonini cho‘zish yoki uni butkul rad etish niyatida. Bu bilan “mas’uliyatsiz va hurmatsiz” bayonot bergan Fransiyaning aqlini kirgizib qo‘yish ko‘zlangan.

Vashington va Parij o‘rtasidagi siyosiy ixtilof ildizi, aslida, davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishmovchilikka borib taqaladi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushini ochiq tanqid qilgan kam sonli siyosatchilardan biridir. U Vashington va Tel-Avivning hujumlari xalqaro huquqqa zid ekani, masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligini aytgan.

Fransiya, shuningdek, Eronga qarshi urush doirasida harakatlanayotgan AQSh harbiy samolyotlariga o‘z osmonini yopdi.

Bundan AQSh prezidenti Donald Tramp darg‘azab bo‘lgani ma’lum.

Emmanuel Makronning fikricha, Tramp ma’muriyati Yevropa Ittifoqini parokanda qilishga urinmoqda. U Trampning Grenlandiyaga egalik borasida da’volariga ham keskin e’tiroz bildirib kelmoqda.

Fransiya yetakchisi, shuningdek, joriy yil aprel oyida o‘rta darajadagi davlatlarni AQSh va Xitoy gegemonligiga qarshi birlashishga chaqirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring