Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baydendan 9 may «sovg‘a»si. AQSh Ikkinchi jahon urushidan beri bunday usulni qo‘llamagandi...

Baydendan 9 may «sovg‘a»si. AQSh Ikkinchi jahon urushidan beri bunday usulni qo‘llamagandi...

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden 9 may kuni «Ukrainada demokratiyani himoya qilish yo‘lida lend liz haqida»gi qonunga imzo chekdi. Ushbu muhim hujjat Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba kuni imzolangani ramziy ma’no kasb etishi aytilmoqda.

Ukrainaga keng miqyosda harbiy ko‘mak berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi joriy yil 3 may kuni Kongressning Vakillari palatasida yakdillik bilan (loyihani 417 ta deputat qo‘llab-quvvatlagani holda, 10 nafari qarshi ovoz bergan) ma’qullangandi.

Yangi qonunga ko‘ra, AQSh prezidenti Ukraina hamda Rossiya bosqinidan jabr ko‘rgan Sharqiy Yevropa mamlakatlarini moddiy dastaklash va mudofaa vositalarini ijaraga berish borasida katta vakolatlarga ega bo‘ladi.

Qayd etish joizki, Qo‘shma Shtatlar Ikkinchi jahon urushidan beri lend liz tamoyili asosida biror davlatga ko‘mak ajratmagandi. Bundan 77 yil avval Vashington mazkur tamoyil asosida Yevropadagi ittifoqchilariga qurol-aslaha, harbiy texnika va oziq-ovqat mahsulotlarini uzoq muddatga, oldindan to‘lovsiz taqdim etgan edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Ukrainaga lend liz tartibining tatbiq etilishi Kremlga jiddiy ogohlantirish sanaladi. Chunki endilikda AQSh prezidenti Rossiya bosqini jabrini ko‘rayotgan mazkur mamlakatga tezkor tartibda qurol-aslaha yetkazib berish imkoniga ega bo‘ladi. Yangi qonun bu borada Kongressdan ruxsat olishdek byurokratik tartibni bekor qiladi. Ko‘p yillik tanaffusdan keyin mazkur tartibning kuchga kirishi Ukrainaning harbiy pozitsiyasini mustahkamlashi va mamlakatga katta miqdorda qurol-aslaha yetkazish yo‘lini ochishi kutilmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yangi qonunga imzo chekib erkinlik yo‘lidagi kurashga ulkan hissa qo‘shgani uchun amerikalik hamkasbiga minnatdorlik bildirgan.

«Lend liz to‘g‘risidagi qonunning imzolanishi tarixiy qadam bo‘ldi. Biz yana g‘alaba qozonishimizga ishonchim komil. Bir yoqadan bosh chiqarib, ham Ukrainada, ham Yevropada demokratiyani himoya qilamiz. Xuddi 77 yil avval bo‘lgani kabi», – deydi V.Zelenskiy.

Rossiya Ukrainaga joriy yil 24 fevral kuni bostirib kirganidan buyon AQSh Ukrainaga 800 mln dollardan uchta yordam paketini taqdim etdi. Joriy yil 28 aprel kuni prezident Jo Bayden Kongressdan Ukrainaga ko‘mak uchun qo‘shimcha 33 milliard dollar ajratishni so‘rab murojaat yo‘llagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring