Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bo‘m-bo‘sh uylar mamlakati»: nega yaponlar meros qolgan uylardan voz kechishmoqda? 

«Bo‘m-bo‘sh uylar mamlakati»: nega yaponlar meros qolgan uylardan voz kechishmoqda? 

Foto: Novate.ru

Yaponiya bo‘m-bo‘sh yotgan (yashalmaydigan) uylar mamlakatiga aylanmoqda, hozirda bunday uylarning jami uylarga nisbati 14 foizga yetdi, raqamlar bundan-da kattaroq bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Nomura tadqiqotlar instituti o‘rganishlariga qaraganda, Kunchiqar yurtda yashalmaydigan uylar soni 11 millionta atrofida va keyingi o‘n yillikda ularning jami uylarga nisbati 30 foizgacha yetishi kutilyapti.

Hukumat 30 aprelda e’lon qilgan ma’lumotlarda ko‘rsatilishicha, bo‘sh yotgan uylar soni oxirgi marta so‘rov o‘tkazilgan 2018 yildan 2023 yilning oktyabriga qadar, ya’ni besh yil ichida yarim milliontadan ko‘proqqa oshgan.

Muammoning ildizi qishloq tumanlarining urfdan qolayotganida, qishloqlarda ko‘chmas mulkni meros qilib olgan aksariyat kishilar kelib yashashni xohlashmaydi yoki bu yerda istiqomat qilish, uyni ta’mirlash, buzib tashlash imkoniga ega emas. Shahar tumanlarida ham anchadan buyon yuz minglab uylar huvillab yotibdi.

O‘rganilgan bo‘sh yotgan uylarning 4,4 milliontasi ijaraga qo‘yilgan, ammo asosiy aholi maskanlaridan olisligi uchun, ularning ham ko‘pi uzoq vaqt qarovsiz yotadi. 3,8 millionta bo‘sh uy qaysi toifaga kirishi ham noma’lum, faqat 330 mingta uy sotuvga qo‘yilgani ma’lum, xolos.

Yaponiyada uy-joy qurilgan yerlarga qaraganda, foydalanilmay yotgan yerlarga solinadigan soliqlar miqdori ancha yuqori. Shu bois eski uylarni buzib tashlash ko‘plarga ortiqcha dahmaza, hatto ayrim yaponlar meros qolgan ko‘chmas mulkni olishdan bosh tortishmoqda — ortiqcha tashvish, ortiqcha xarajat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring