Britancha «snos»: 88 ta yangi uy tag-tugi bilan buzib tashlandi, ammo bu yaxshi...
Kembrij (Buyuk Britaniya)ning Darvin Grin tumanida yangi qurilgan 88 ta uy tag-tugi bilan buzib tashlangani aks etgan aerosuratlar internetda paydo bo‘ldi. Poydevorida nuqson topilgach, yangi uylar yer bilan bitta qilib buzib tashlandi. Jiddiy xato Barratt David Wilson Homes Cambridgeshire quruvchi kompaniyasiga 40 million funt sterlingga tushdi, deb yozdi Daily Mail nashri.
Suratlarda yaqindagina barpo etilgan yangi turarjoy majmuasi o‘rnida qurilish chiqindilarini ko‘rish mumkin. «Snos» ishlari mutaxassislarning qattiq kuzatuvi ostida so‘nggi 8 hafda davomida olib borildi. Uybuzarlar ishni qo‘shni uylarni chang, xunuk manzara va og‘ir texnika shovqinidan himoyalash uchun ulkan himoya devori qurishdan boshlashdi.
E’tiborli tomoni nimada, bilasizmi? «Snos»ga arizani o‘sha quruvchi tashkilotning o‘zi topshirgan...
Barratt kompaniyasi 2022-yil iyunidagi qurilish nazorati paytida obyektlarning ayrim joylarida sifat va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan jiddiy kamchiliklarni aniqlagan. O‘z moliyaviy zarariga bo‘lsa hamki, nomiga dog‘ tushirmaslik uchun, kompaniya o‘zi qurgan uylarni butkul buzib tashlab, yangisini tiklashga qaror qildi.
Buzilgan 88 ta uydan iborat majmua Kembrij markazidan 1,6 mil masofda joylashgan. Mahalliy amaldorlar «snos»ga ruxsat bergan hudud tevaragida 1 593 ta uy, maktablar, supermarketlar va kutubxona joylashgan. Bu hudduda 2-5 yotoqli uylar narxi 850 ming funt sterlinggacha (1 mln 87 ming dollargacha) boradi.
Barratt vakillari mijozlardan yuzaga kelgan holat uchun kechirim so‘rab, o‘z xatolarini to‘g‘rilash uchun bor imkoniyatlarini ishga solishga va’da berishdi.
«Eng muhimi, mijozlarimiz uchun qurayotgan uylarimiz yuqori sifatli bo‘lishi shart, bu xatolarimizni tan olishimiz va tuzatishimiz zarurligini ham anglatadi», — deyiladi kompaniya bayonotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter