Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniya tarixidagi eng katta o‘g‘rilikni sodir etgan «arvohlar to‘dasi» ustidan sud hukmi o‘qildi

Britaniya tarixidagi eng katta o‘g‘rilikni sodir etgan «arvohlar to‘dasi» ustidan sud hukmi o‘qildi

Foto: «Sky News»

«Sky News» xabariga ko‘ra, ikki yil avval Londonning badavlat kishilari uylaridan kamida 26 million funt sterling o‘g‘irlagan uch o‘g‘ri ustidan London Qirollik sudi hukm chiqardi.

2019-yil dekabr oyida Rojdestvo bayrami arafasida bir qator o‘g‘riliklar sodir etildi. O‘shanda «Formula-1»ning sobiq rahbari Tamara Ekklstounning qizi, «Chelsi»ning sobiq futbolchisi Frenk Lempard va sal avval vafot etgan tailandlik milliarder Vishay Shrivaddanaprabxining uylari talonchilar o‘ljasiga aylanishgan. Ushbu o‘g‘irliklar Britaniya jinoyat tarixidagi eng yirik o‘g‘irliklar deb topilgan.

O‘g‘irlangan zargarlik buyumlari va naqd pullarning umumiy qiymati 26 million funt sterling (35 million dollar)ga baholangan. Ko‘pgina qimmatbaho buyumlar haligacha o‘z egalariga qaytarilmagan. O‘g‘rilar jinoyat joyida barmoq izlari yoki DNK namunalarini qoldirishmagan, politsiya ularni «arvohlar to‘dasi» deb atagan. Qayd etilganidek, tergovchilar 1000 dan ortiq taksi haydovchilari bilan suhbatdan so‘ng jinoyatchilar iziga tushishga muvaffaq bo‘lishgan.

Talonchilik ishi bo‘yicha sudga uch nafar Italiya fuqarosi jalb etilgan: 24 yoshli Yugoslav Yovanovich, 45 yoshli Alessandro Malteze va 44 yoshli Alessandro Donati. Politsiya ular Milanda uchrashishgan va u yerda Britaniya poytaxtida bir qator o‘g‘riliklar sodir etishni rejalashtirishgan deb taxmin qilgan.

Dushanba kuni sud Yovanovichni 11 yilga, Malteze va Donatini esa sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Britaniyalik tergovchilar jinoiy guruhning to‘rtinchi a’zosi 40 yoshli serb Lyubomir Romanov bo‘lib, u Belgradda yashiringan deb gumon qilmoqda. Avgust oyida Serbiya rasmiylari uni Britaniyaga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgan edi. Romanov Alfredo Lindli nomidagi hujjatlardan ham foydalanadi, deydi politsiya.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring


    Izohlar mavjud emas