Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu – etnik tozalash». Xalqaro tashkilotlar keskin bayonot berdi

«Bu – etnik tozalash». Xalqaro tashkilotlar keskin bayonot berdi

Foto: AA

Arab davlatlari ligasi Isroilni ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda etnik tozalash va harbiy jinoyatlar sodir etishda aybladi. Xalqaro tuzilma G‘arbiy sohildagi Falastin oilalari majburan ko‘chirilishi va ularning qasabalari o‘rnida 4000 ta yangi uy qurilayotganini keskin qoralagan.

Islom hamkorlik tashkiloti ham Falastinga tegishli qishloqlarda noqonuniy turarjoylar barpo etilishini qoralab bayonot berdi. Xalqaro tashkilot Isroilning «mustamlaka siyosati» falastinliklarning haq-huquqlari poymol etilishi va xalqaro huquq me’yorlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda deb hisoblaydi.

2021-yili Falastin tashqi ishlar vazirligi Isroil ma’muriyati tomonidan ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda 10 mingga yaqin uy qurilishi rejasiga ham e’tiroz bildirgan, bundan ko‘zlangan maqsad Quddusning tarixiy-huquqiy xaritasini o‘chirish ekanini ta’kidlagan edi.

Joriy yil aprelda – musulmonlarning muqaddas Ramazon oyida Isroil politsiyasining Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirgani ham keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Muqaddas masjidga hujum uyushtirilgani islom dunyosi tomonidan xalqaro huquqning poymol etilishi deb baholandi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil fevral oyida Amnesty International tashkiloti Falastin xalqining haq-huquqlari poymol etilayotgani xususida hisobot e’lon qilib, Isroilni aparteid siyosati yuritishda ayblagandi.

Kuni kecha O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham Sharqiy Quddus bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Sharqiy Quddusdagi vaziyat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildiradi. Biz tomonlarni keskinlikni kuchaytirmaslikka va mojaroni tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqiramiz. Falastin–Isroil muammosini hal qilish xalqaro huquq normalariga muvofiq, BMT Xavfsizlik Kengashining avval qabul qilingan rezolyusiyalari va «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida amalga oshirilishi zarur», – deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyat qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring