Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bundan yaxshisi bo‘lmaydi» — Tramp HAMASni Isroil bilan kelishuvga chaqirdi

«Bundan yaxshisi bo‘lmaydi» — Tramp HAMASni Isroil bilan kelishuvga chaqirdi

Foto: Reuters

Isroil amerikalik vakillar bilan muzokaralardan so‘ng, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 60 kunlik kelishuv uchun «zarur shartlar»ga rozi bo‘ldi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp bayonot berdi.

Shu muddat ichida urushga nuqta qo‘yish uchun Qo‘shma Shtatlar barcha tomonlar bilan ishlaydi, yakuniy taklifni esa Qatar va Misr taqdim etadi, dedi Tramp.

«Umid qilamanki, Yaqin Sharq haqqi HAMAS bu kelishuvga rozilik beradi, chunki bundan yaxshisi bo‘lmaydi — FAQAT YOMON BO‘LADI», — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Isroilning strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer Vashingtonga kelgan. The Times of Israel yozishicha, u Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff, davlat kotibi Marko Rubio va vitse-prezident Jey Di Vens bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuv uzoq va sermahsul bo‘ldi, dedi Tramp.

AQSh taklif qilayotgan 60 kunlik yarashuv oxirgi oylarda ko‘p muhokama qilinyapti. Al Arabiya va Al Jazeera yozishicha, kelishuv bir necha bosqichda garovdagi tirik qolgan isroilliklarni ozod qilish va o‘lganlarning jasadlarini falastiklik mahbuslarga almashtirishni ko‘zda tutadi. Isroil o‘z hujumlarini to‘xtatishi, almashinuvlardan so‘ng, qo‘shinlarini sektorning janubiga ko‘chirishi shart. Bundan tashqari, yarashuvning birinchi kunidan o‘t ochishni doimiy to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.

May oyi oxiridagi bayonotida Beyamin Netanyahu AQShning rejasini qabul qilishini aytgandi. HAMAS esa taklifni o‘rganib chiqayotgani va «xalq manfaatiga xizmat qiluvchi» qarorga kelishini ma’lum qilgandi. Yakunda o‘t ochishni to‘xtatish muddati (60 kun) tugagach, nimalar bo‘lishi borasida tomonlar bir yoqadan bosh chiqara olmasdan, muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring