Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyuk Britaniya Falastinni tan olish shartini aytdi

Buyuk Britaniya Falastinni tan olish shartini aytdi

Londonda G‘azodagi xunrezlikni to‘xtatish va Falastin davlatini tan olish talab etilgan namoyish. 2025 yil 19 iyul.

Foto: EPA

Isroil G‘azo sektorida urushni to‘xtatib, sulh yo‘lida amaliy qadamlar tashlamasa, Buyuk Britaniya joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasida Falastinni davlat sifatida tan oladi.

Qirollik bosh vaziri Kir Starmerga ko‘ra, London Falastinni tan olishni Yaqin Sharqdagi mojaroni ikki davlat tamoyili asosida hal etish yo‘lidagi harakatlarning tarkibiy qismi deb biladi.

Starmer hukumati BMT Bosh assambleyasi sessiyasi arafasida Isroilning G‘azoda otashkesimga erishuv borasidagi harakatlarini baholaydi va shunga ko‘ra yakuniy qarorni e’lon qiladi.

Starmer G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat tobora yomonlashayotganini ta’kidlab, Isroilni insonparvarlik ko‘magi yetkazishga to‘sqinlik qilmaslik va tinch aholi vakillarini o‘qqa tutishni to‘xtatishga undagan.

O‘tgan hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rasmiy Parij joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasi davomida Falastinni davlat sifatida tan olishini ma’lum qilgandi.

Aslida, bu hodisa joriy yil iyun oyida Saudiya Arabistonida Fransiya hamraisligida ikki davlat (Isroil va Falastin) muammosiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ro‘y berishi kutilgan, ammo Isroilning Eronga qarshi urushi sabab ushbu anjuman ortga surilgan edi.

Fransiya prezidenti ortidan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Falastinni alohida davlat sifatida tan olishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Gap shundaki, ayni paytda Buyuk Britaniya hukumati ikki tomonlama bosim ostida qolmoqda. Bir tomondan, Isroilning yaqin ittifoqchisi va homiysi bo‘lgan AQSh dunyo davlatlari tomonidan Falastin davlati tan olinishiga keskin qarshi chiqmoqda. Vashington Fransiyaning bu boradagi qarorini ham “qat’iy rad etdi”.

Tahlilchilarga ko‘ra, Kir Starmer hukumati Falastinni tan olib, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlarni sovuqlashtirishdan xavotirda.

Ikkinchi tomondan, G‘azo sektorida tinch aholi orasida qurbonlar soni shiddat bilan oshib borayotgan va hudud ocharchilik domida qolgan bir paytda Buyuk Britaniya jamoatchiligi, hukumati va parlamentida Falastin davlatini tan olish talabi tobora balandroq ovozda yangramoqda. Jumladan, o‘tgan hafta bir qator vazirlar hamda 221 nafar deputat bosh vazir Kir Starmerga Falastin davlatini tan olishni so‘rab murojaatnoma yo‘lladi. Murojaatnoma mualliflari orasida Kir Starmerning o‘rinbosari Anjela Reyner va ichki ishlar vaziri Ivett Kuper ham bor.

Ingliz jamoatchiligi Isroil davlati tuzilishi me’morlaridan biri bo‘lgan Britaniyaning Falastinni tan olishi yuridik va axloqiy majburiyat ekanini ta’kidlamoqda.

Hozirga qadar Falastin davlatini BMTga a’zo 150 ga yaqin mamlakat, jumladan, O‘zbekiston tan olgan.

2024 yilda Armaniston, Ispaniya, Norvegiya, Irlandiya, Sloveniya kabi davlatlar Falastin mustaqilligini tan oldi.

Sentyabr oyidagi BMT mashvaratida Andorra, Avstraliya, Kanada, Finlyandiya, Islandiya, Lyuksemburg, Yangi Zelandiya, Portugaliya va San-Marino ham Falastin davlatini tan olishi mumkin.

Isroil esa mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilingan.

Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.

Knesset o‘tgan hafta Falastinning yana bir hududi – Iordan daryosining G‘arbiy Sohilini Isroilga qo‘shib olish haqidagi hujjatni ma’qulladi. Bu qaror islom olami tomonidan keskin qoralandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring