Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirli xastalik tarqalishida Rossiya josuslarining qo‘li bor – OAV

Sirli xastalik tarqalishida Rossiya josuslarining qo‘li bor – OAV

AQSh diplomatlari, amaldorlari va razvedkachilari «Havana sindromi» deb atalgan xastalikka chalinishida Rossiya josuslarining aloqasi mavjud. «The Insider» (Rossiya, Latviya), «Der Spiegel» (Germaniya) nashrlari hamda CBS News (AQSh) telekanali jurnalistlari hamkorlikdagi surishtiruvlardan keyin shunday xulosaga kelgan. 

Rossiya harbiy razvedkachilarining safarlariga doir ma’lumotlarni tahlil qilish asnosida jurnalistlar shubhali holatni aniqlagan. Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Bosh shtabi tizimidagi 29155-harbiy qism xizmatchilari qaysi shaharga borgan bo‘lsa, o‘sha yerda faoliyat yurituvchi AQSh mulozimlarida sirli xastalik kuzatilgan.

Safar muddati hamda xastalik tarqalishi vaqti o‘rtasida ham uyg‘unlik qayd etilgan. Masalan, 2016-2017 yillarda Rossiya harbiy josuslari Xitoyga borgan. Ayni o‘sha vaqtda AQShning Xitoyda faoliyat yuritayotgan diplomatlarida «Havana sindromi» yuzaga chiqqan. Gruziya, Serbiya, Vetnamda ham shunday holat kuzatilgan.

Qo‘shma surishtiruvda xastalik tarqalishiga aloqador deb ko‘rilayotgan josuslar ism-shariflari ham ochiqlangan.

Avval xabar berganimizdek, ilk bor 2016 yili AQShning Kuba poytaxti Havana shahridagi elchixonasida faoliyat yuritgan 40 nafar xodimda noodatiy kasallik asoratlari namoyon bo‘lgan. Shu sabab noma’lum xastalik Kuba poytaxti nomi bilan atalgan.

Ayrim diplomatlarning qulog‘i ostida kuchli shovqin eshitila boshlagan, ayrimlarining qon bosimi ko‘tarilib, boshi og‘rigan, yana ayrimlarining ko‘rish va aqliy qobiliyatida buzilishlar, uyqusizlik qayd etilgan.

AQShning Xitoy, Avstriya, Rossiya kabi mamlakatlardagi elchixonalari xodimlarida ham ayni shunday ko‘ngilsiz holatlar kuzatilgan.

Sirli ravishda kasallanish yuzasidan turli sabab va taxminlar aytilgan. AQSh olimlari bir yillik tadqiqotlardan keyin «bu nurlanish oqibati» degan xulosaga kelgan.

NBC telekompaniyasiga ko‘ra esa, AQSh maxsus xizmati akustik hujum Moskva tomonidan uyushtirilgan deb hisoblaydi. Qayd etilishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Rossiya vakillarining telefon so‘zlashuvlari va yozishmalariga asoslanib shunday xulosaga kelgan. Shuningdek, AQShning Havanadagi elchixonasi binosi yaqinida Rossiya maxsus xizmatining yuqori chastotali qurollarga aloqador bo‘lgan xodimlari harakati kuzatilgan.

Ammo o‘tgan yili AQSh milliy razvedka xizmati rahbari Evril Heyns «Havana sindromi» hodisasiga xorij maxsus xizmatlarining aloqador ekani tasdiqlanmaganini aytgan edi.

Bu borada yangi surishtiruv e’lon qilgan «The Insider», «Der Spiegel» hamda CBS News jurnalistlari AQSh hukumati bu boradagi xulosasini qayta ko‘rib chiqishi va to‘laqonli tekshiruv o‘tkazishiga ishonch bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring