Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dahshatli xotiralar sabab bolalar hatto uxlay olmayapti – YuNISEF

Dahshatli xotiralar sabab bolalar hatto uxlay olmayapti – YuNISEF

G‘azo sektorida 314 kundan buyon davom etayotgan qonli urush falastinlik bolalarning tushlariga qadar bostirib kirdi. BMT Bolalar jamg‘armasi – YuNISEFning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vakili Salim Oveysning hikoya qilishicha, g‘azolik yuz minglab bolalar o‘qish, o‘ynash tugul tinch-osoyishta uxlash ne’matidan ham mahrum qolmoqda.

Muttasil bombardimonlar sabab oilalar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishga majbur. Eng yomoni, urush va qirg‘inbarot dahshatlari murg‘ak bolalarning ongi, ruhiyatiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Urush haqidagi dahshatli taassurotlar sabab bolalar hatto tunda ham uxlay olmayapti.

G‘azo sektoridagi Dayr al-Balah, Xon Yunus shaharlariga safar qilgan YuNISEF vakili Salim Oveysga ko‘ra, aholi, xususan, bolalar toza suv, oziq-ovqat, dori-darmon va gigiyena vositalaridan ham mosuvo etilgan.

2023-yil 7-oktyabrdan buyon G‘azoda kamida 16 ming bola halok bo‘ldi. 
Foto: AP

«Afsuski, G‘azo sektoridagi bolalar bolalik gashtini sura olmayotir. Lagerlardan vaqtincha panoh topgan oilalar bilan suhbatlashganimda aksar bolalar urush qachon tugashini so‘radi. Ular charchagani, tinkasi qurigani ko‘rinib turibdi. Holbuki, bu yoshda bolalar hayotga chanqoq va harakatchan bo‘lishi kerak», – deydi YuNISEF vakili.

Ta’kidlanishicha, G‘azoda bolalar jon saqlashi uchun xavfsiz joy qolmagan.

«G‘azo sektoridagi ko‘plab bolalar o‘zi guvoh bo‘lgan qo‘rqinchli hodisalar sabab hatto uxlay olmayapti. O‘ylaymanki, bu holat xalqaro hamjamiyatga bolalar taqdirini birinchi o‘ringa qo‘yish va kerakli choralar ko‘rish uchun ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Zo‘ravonlik va ziddiyatga chek qo‘yib, bolalarning munosib yashashi uchun imkon berish vaqti keldi», – deydi Salim Oveys. 

BMT Bolalar jamg‘armasi, shuningdek, minglab falastinlik bolalar yaqinlari bag‘ridan uzilganiga ham e’tibor qaratgan.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan buyon 40 mingdan ziyod falastinlik (hudud aholisining 1,8 foizi) halok bo‘ldi. Ularning kamida 16 ming nafari bolalardir.

Buyuk Britaniyada joylashgan «Save the Children» tashkiloti yozishicha, 21 mingga yaqin falastinlik bola dom-daraksiz yo‘qolgan.

BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) matbuot kotibi Jeyms Elder G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni «bolalarga qarshi urush» deb atagan.

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida G‘azo sektorida dunyoda oxirgi to‘rt yilda kuzatilgan barcha mojarolardan ko‘proq bolalar halok bo‘lgan.

Joriy yil iyun oyida BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.

Afsuski, dahshatli statistika kun sayin oshib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar G‘azoda ko‘p sonli bolalar ochlik tufayli ham dunyodan ko‘z yumayotgani, Isroil ochliklan qurol sifatida foydalanayotgani haqida bong  urmoqda. Qayd etilishicha, bolalar ochlik sabab chorva mollariga mo‘ljallangan ozuqalarni iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa zaharlanish va boshqa yuqumli xastaliklar xavfini oshirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring