Davlat xizmatchilari qamoqxonaga ekskursiyaga olib boriladi
Qozog‘istonda davlat xizmatchilari tergov izolyatorlariga ekskursiyaga olib boriladi. Bu haqda mamlakat Aksilkorrupsiya xizmati rasmiy vakili Arman Tleukenov ma’lum qilgan.
«Aksilkorrupsiya xizmati xodimlari profilaktika maqsadida davlat xizmatchilari uchun muntazam ravishda tergov izolyatorlariga ekskursiyalar uyushtiradi. Ishtirokchilarga tergov xonalari, jinoyatchilar saqlanadigan kameralar, mahbuslarning sayr joylari ko‘rsatiladi», – deydi A.Tleukenov.
Rasmiy vakilga ko‘ra, qamoqxonalarga ekskursiya tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad davlat xizmatchilari ongida korrupsiyaga qarshi fikrni mustahkamlash va halollikka o‘rgatishdan iboratdir. Tergov izolyatorlariga borgan davlat mulozimlari ozodlikdan mahrum etish muassasalarida jazo o‘tashning qanchalik og‘irligini his etadi va jinoyatning oqibatlarini yanada aniq tasavvur qiladi.
«Bundan tashqari, profilaktika tadbirlari doirasida mehnat jamoalarini sud majlislariga ham taklif etamiz. Qayd etish joizki, bu kabi usullar orqali davlat xizmatchilarini qo‘rqitish ko‘zlanmagan», – deydi Aksilkorrupsiya xizmati vakili.
Rasmiy mulozim Qozog‘iston jinoyat qonunchiligida poraxo‘rlik, tamagirlik, umuman, korrupsiyaga aloqador huquqbuzarliklar uchun uzoq yillik qamoq, mol-mulkni musodara qilish, harbiy unvon, davlat mukofotlaridan, shuningdek, davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum etish kabi jazo choralari belgilanganini eslatib o‘tgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter