Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoning eng ziqna va o‘ta tejamkor odamlari... yoxud ular orttirgan boyliklarning foydali tomonlari

Dunyoning eng ziqna va o‘ta tejamkor odamlari...  yoxud ular orttirgan boyliklarning foydali tomonlari

Foto: internet, ochiq manba

Getti Grin rasman Ginnesning rekordlar kitobiga «tarixdagi eng ziqna ayol» sifatida kiritilgan.

1835-yilda Amerikada tug‘ilgan Getti badavlat tadbirkorning yagona qizi edi. Unga otasidan 7,5 million dollarga yaqin meros qolgan (bu hozirgi vaqtda milliardlab dollarga teng). Yigirma bir yoshida u Uoll-stritga sarmoya kiritish uchun Nyu-York shahriga ko‘chib o‘tdi va «Uoll-stritning yovuz jodugari» laqabini oldi.

Getti millionerga turmushga chiqdi, lekin tejamkorlik bilan yashadi, oziq-ovqat do‘konlaridan qolgan shirinlik va singan pechenelarni iste’mol qildi. U itiga bepul suyak olish uchun har kuni qassoblar bilan bahslashishgacha bordi. U juda ziqna edi, o‘n olti yoshida o‘zi tikkan ichki kiyimini vafot etgunicha kiyib yurdi.

U deyarli hech narsaga pul sarflamagan, ma’lumotlarga ko‘ra, issiq suv ishlatmagan, bir xil qora ko‘ylakni uvadaga aylanguncha kiyib yurgan va bor-yo‘g‘i ikki sent turadigan pirogni iste’mol qilgan.

O‘g‘lining oyog‘i singanida, u pulni tejash maqsadida davolanishni kechiktirgan, natijada shifokorlar uning oyog‘ini kesishga majbur bo‘lishgan. Ya’ni o‘g‘lini kambag‘allar davolanadigan shifoxonaga yotqizishga harakat qilish asnosida vaqtdan yutqazgan.

Getti Grin 1916-yilda Nyu-York shahrida 81 yoshida vafot etdi va Ginnesning rekordlar kitobiga «dunyodagi eng ziqna odam» sifatida kiritilgan.

Getti xizmatkori bilan arzimagan maoshni oshirish borasida janjallashib, insultdan vafot etdi.

Getti ziqnaligiga qaramay, katta boylik qoldirdi. Farzandlari saxiy edilar, qizi esa meros puliga tekin kasalxona ham qurdirdi.

Yana bir o‘ta tejamkor milliarder – Jon Rokfeller. Bu odamning nomi o‘z vaqtida misli ko‘rilmagan boylik va farovonlikni anglatar edi go‘yo. Chunki insoniyat tarixidagi birinchi rasmiy dollar milliarderiga aylangan Rokfeller edi. U butun umri davomida pulga bo‘lgan oqilona munosabati uchun otasining tarbiyasidan minnatdor edi: «Otam men bilan tez-tez savdolashib, mendan turli xizmatlar sotib oldi. U menga qanday qilib sotib olishni va sotishni o‘rgatdi. Dadam shunchaki boyib ketishim uchun ustoz bo‘lgan.» Yetti yoshida kichkina Jon yarim kunlik ishlarda ishlay boshlagan. Sotish uchun parranda boqqan va qo‘shnilariga kartoshka qazish uchun yordam berib pul olgan. U topgan hamma pulini pul yig‘adigan idishda saqlardi va kichik daftarga qayd qilib bordi. Bu odati umrining oxirigacha tark etmadi. Hatto 13 yoshida u do‘stiga yillik 7,5% bilan qarz bergan.

Uning rafiqasi ham ziqna ayol bo‘lib, qat’iy qoidalar asosida tarbiyalangan, buning natijasida oila xarajatlari hech qachon zarur miqdordan oshmagan. Bolalarning har birida o‘z xarajatlari va daromadlarini yozish uchun kitob bor edi. Oilada bonuslar va jarimalarning qat’iy tamoyillari mavjud edi – mehnat uchun mukofotlar, tartib-intizom, hayot ne’matlaridan voz kechish (masalan, shirinliksiz kun) va yomon qilgan ishlari uchun pul rag‘batlari berilmagan. Bolalarga kamdan-kam hollarda yangi kiyimlar sotib olingan.

Shuni ta’kidlash kerakki, Jon Rokfeller o‘ziga ziqnalik qilgan bo‘lsa-da, boyligining katta qismini xayriya ishlariga sarflagan. Bu inson o‘z davrining eng yirik xayriyachisi sifatida ham yodda qolgan. Uning sharofati bilan Chikago universiteti, Rokfeller tibbiyot instituti, ta’lim markazlari, Rokfeller fondi tashkil topdi. Umuman olganda, u xayrli ishlarga yarim milliard dollarga yaqin xayriya qildi va o‘g‘li bu ishni davom ettirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring