Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yelizaveta ІІ ning boyliklari kimga qoladi?

Yelizaveta ІІ ning boyliklari kimga qoladi?

Foto: Sean Gallup

Yelizaveta ІІ vafot etganidan so‘ng, undan 70 yildan ziyod monarxlik davrida to‘plangan 500 million dollarlikdan ziyod shaxsiy boylik qoldi. Xo‘sh, endi kim unga egalik qiladi?

Amerikaning CBC News telekanali xabar berishicha, shaxsiy boylikning katta qismi marhum qirolichaning o‘g‘li — qirol Karl III ga o‘tadi.

73 yoshli qirol Charlz (Karl III).
Foto: RBK

Forbes ma’lumotiga ko‘ra, qirolicha sarmoya kiritish, san’at asarlari, zargarlik buyumlari jamg‘arish va shaxsiy mulk ortidan daromad to‘plagan. Bundan tashqari, 2002-yilda Yelizaveta II ga onasining vafotidan so‘ng taxminan $70 mln qiymatidagi tasviriy san’at asarlari, markalar va chinnilar to‘plamlari, qimmatbaho taqinchoqlar, zotdor otlar va hokazolar meros qolgan.

Yelizaveta II olamdan o‘tgan Shotlandiyadagi Balmoral qasri hamda Angliyadagi Sandrinhem uyi ham uning shaxsiy mulklari edi.

Jurnalistlar to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, yuqorida sanalgan boyliklarning aksariyati qirol Charlz (Karl III) ixtiyoriga o‘tadi. Qolaversa, qonundagi maxsus band bilan qirolicha mulkka vorislik bo‘yicha soliqni to‘lashdan butkul ozod etilgandi. Endi bu imtiyozdan Karl III foydalanadi: onasining mulki o‘ziga o‘tganda 40 foizlik soliq to‘lamaydi, taxminan $200 mln yonida qoladi.

Mashhur Bukingem qasri bundan buyon yangi monarx izmida. Biroq bu uning shaxsiy mulki emas, ya’ni ishonchli boshqaruvda. Shu sababli uni  ko‘chmas mulk sifatida sotish mumkin emas.

40 yoshli Uels shahzodasi Uilyam.
Foto: Global Look Press

Eslatib o‘tamiz, qirolichasi Yelizveta II 8-sentyabr kuni 96 yoshida olamdan o‘tgandi. 10-sentyabr kuni shahzoda Charlz rasman Buyuk Britaniyaning yangi qiroli — Karl III deya e’lon qilindi. Charlzning Uels shahzodasi maqomi uning o‘g‘li Uilyamga o‘tdi — u endi Birlashgan Qirollik taxtiga o‘tirish uchun «birinchi raqamli» valiahd.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring