Erdo‘g‘on To‘qayevga mukofot topshirdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Turkiya Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Devlet Nişanı” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Mukofot Anqara shahrida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan topshirilgan.
Erdo‘g‘on To‘qayevning davlatlararo hamkorlikka qo‘shgan hissasi yuqori ekanini ta’kidlagan.
“Qosim-Jo‘mart To‘qayevning konstruktiv rahbarligida Qozog‘iston o‘z mintaqasida tinchlik va barqarorlik maskaniga aylandi. Biz Qozog‘istonning yutuqlari bilan doimo faxrlanamiz. Shuningdek, Qozog‘istonning Turkiy davlatlar tashkilotini institutsionallashtirishga qo‘shgan hissasini yuqori baholayman. Siz Turkiya va turk xalqining do‘sti ekaningizni qayta-qayta ko‘rsatdingiz. Shu munosabat bilan sizga Turkiya Respublikasining oliy mukofotini topshirishni katta sharaf deb bilaman”, – dedi Turkiya prezidenti.
Qozog‘iston prezidenti odatda milliy yoki xalqaro mukofotlarni olishdan bosh tortishi, ammo “Devlet Nişanı” ordenini do‘stlik, birodarlik belgisi sifatida qabul qilishini aytdi.
“Ushbu yuksak mukofotni Turkiya davlatining butun qozoq xalqiga ko‘rsatgan alohida hurmati deb bilaman. Bu ezgu tashabbus ildizi, dini va qalbi bir bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi buzilmas do‘stlikning yorqin ifodasi, ezgu qadriyatlarimizni ulug‘laydigan muhim qadamdir. Bu, shuningdek, qozoq-turk strategik hamkorligini yanada mustahkamlashga ikki tomon intilishimizdan dalolatdir”, – dedi Q.To‘qayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter