Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa aeroportlarida misli ko‘rilmagan holat...

Yevropa aeroportlarida misli ko‘rilmagan holat...

Foto: dpa

Ikki yillik og‘ir pandemiya davridan keyin ilk bor yozgi mavsumda dam olish imkoniga ega bo‘lgan yevropaliklar kutilmagan muammoga duch kelishdi: ko‘hna qit’aning o‘nlab aeroportlaridagi ish tashlashlar sabab minglab aviareyslar bekor bo‘lmoqda. Tahlilchilar yirik aeroportlarda boshboshdoqlik, xaos hukm surayotganini ta’kidlamoqda.

SAS – «Skandinaviya havo yo‘llari» shirkatining 900 nafar uchuvchisi  ish tashlash e’lon qildi. Shu sabab Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada har ikki parvozdan biri bekor qilinmoqda. Uchuvchilar bir necha oydan beri davom etayotgan muzokaralarda ish haqini oshirishni talab qilmoqda. 

Parijdagi Sharl de Goll nomli aeroportda ham yo‘lovchilarning turnaqator navbatini ko‘rish mumkin. Reyslar bekor bo‘lishi oqibatida minglab yo‘lovchilar aro yo‘lda qolmoqda. Mehnatkashlarning umumiy kasaba uyushmasi (CGT) vakili Nikolya Pereyraga ko‘ra, pandemiyadan keyin aeroport faoliyati deyarli 95 foizga tiklandi. Ammo 20 ming xodim qisqartirib yuborilgani sababli ishchi-xodimlar juda katta zo‘riqish bilan faoliyat yuritmoqda. Ish ko‘pligidan xodimlarning tanaffus olishi ham imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Xodimlar qo‘shimcha ish kuchi jalb etish va maoshni oshirishni talab qilmoqda.

Yo‘lovchilar yuklarini vaqtida ololmayotganidan ham shikoyat qilmoqda. Garchi  Air France shirkati rasman uzr so‘ragan bo‘lsa-da, vaziyat hali-veri izga tushadiganga o‘xshamaydi.

Ispaniyada ham uchuvchilar, styuardessalar namoyishlari davom etmoqda. Xususan, easyJet,  Ryanair kabi loukosterlar xodimlari maosh borasida keskin talablar bilan chiqmoqda. Qirollikning Iberia aviakompaniyasi esa 1 martdan buyon pasport nazoratidagi navbatlar sabab 15 mingdan ziyod yo‘lovchi parvozga kechikkanini ma’lum qilgan.

Germaniya aeroportlarida ham shunday vaziyat kuzatilmoqda. Soatlab navbatda turgan yo‘lovchilar o‘z uchog‘iga ulgura olmayotir. Chunki aeroportlarda ishchi-xodim yetishmayotir. Pandemiya davrida shirkatlar minglab ishchi-xodimlarning bahridan o‘tgan. Sayyohlik asta-sekin oyoqqa tura boshlagan hozirgi pallada esa kerakli ishchilarni tez muddatda qabul qilish amrimahol. 

So‘nggi haftalarda birgina Lufthansa aviashirkati 3000 ga yaqin reysni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Iyun oyi oxirida kompaniya ijrochi direktori Karsten Spor pandemiya davrida ko‘p sonli xodimlarning bo‘shatilgani xato bo‘lganini tan oldi. Mamlakat bo‘yicha aeroportlar uchun 7 mingga yaqin ishchi kerakligi aytilmoqda. Mehnat vazirligi bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun ishga yollash tizimi qayta ko‘rib chiqilishi va xorijdan, jumladan, Turkiyadan ishchi kuchi jalb etilishini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring