Yevropada jazirama tufayli 25 mingdan ortiq odam vafot etdi
Yevropada bu yil anomal issiq havo sababli vafot etganlar soni 25 ming nafardan oshdi. Bu haqda Bloomberg so‘nggi ma’lumotlarga asoslanib xabar berdi.
Jazirama bilan bog‘liq o‘limlar eng ko‘p Germaniyada qayd etilgan. Robert Kox instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, aprel oyidan buyon mamlakatda issiq havo sababli 11,9 ming kishi vafot etgan. O‘limlarning 9 mingdan ziyodi so‘nggi bir oyda qayd etilgan.
Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Niderlandiyada ham o‘lim ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lmoqda. Kelasi hafta ayrim hududlarda issiq yana kuchayishi kutilmoqda. Londonda harorat 34 darajaga, Parijda esa qariyb 38 darajaga ko‘tarilishi prognoz qilingan.
Issiq havo sababli ortiqcha o‘lim ko‘rsatkichi muayyan davrdagi o‘limlar sonini avvalgi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar bilan taqqoslash orqali hisoblanadi. Davlat idoralari va ilmiy-tadqiqot institutlari e’lon qiladigan ma’lumotlar kechikib keladi. Shu sababli hozirgi raqamlar avgust boshida boshlangan so‘nggi issiqlik to‘lqini oqibatlarini hali to‘liq aks ettirmagan.
Avvalroq Slovakiya, Avstriya va Vengriyada harorat bo‘yicha tarixiy rekordlar qayd etilgan edi. Bu mamlakatlarda havo 41–42 darajagacha qizigan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter