Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa mamlakatlari ehtimoliy teraktdan xavotirda

Yevropa mamlakatlari ehtimoliy teraktdan xavotirda

Nasroniylarning Pasxa bayrami yaqinlashayotgan kunlarda Yevropa mamlakatlari, xususan, Fransiya va Italiyada terakt tahdidi darajasi oshirildi. Xavfsizlik choralari kuchaytirilishiga 22 mart kuni Moskvada ro‘y bergan dahshatli terakt sabab bo‘ldi.

«The New York Times» nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Moskvadagi xunrezlikdan ruhlangan IShID bo‘linmalari Yevropada ham qo‘poruvchilik harakatlari uyushtirishi mumkin.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ko‘ra, IShID terrorchi guruhi so‘nggi vaqtlarda mamlakat hududida bir necha bor terakt uyushtirishga uringan. Bosh vazir Gabriel Attal ham 2024 yil boshida ikki teraktning oldini olingani haqida gapirdi.

Fransiyada jamoat joylari – aeroportlar, vokzallar, diniy muassasalar, savdo markazlari, turizm va sport ob’yektlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. AQShning Parijdagi elchixonasi ham Fransiya hududida qo‘poruvchilik sodir etilishi mumkinligini tasdiqlagan va o‘z fuqarolarini hushyorlikka chaqirgan.

Italiyaning Venetsiya shahri ko‘chasida shubhali sumkalar topilgach, sapyorlar guruhi chaqirilgan. Sumkalar xatar uyg‘otmasligi aniqlangan bo‘lsa-da, Italiyada ham tartib posbonlari oyoqqa turgan holda faoliyat yuritmoqda.

Germaniyada ham terror xatari yuqoriligicha qolmoqda. Rasmiy Berlin joriy yil 14 iyun kuni boshlanadigan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida qo‘poruvchilik sodir etilishidan xavotirda.

Ispaniya xavfsizlik kengashi so‘nggi hisobotida G‘azo sektori va Ukrainadagi urush sabab Yevropa Ittifoqida terror tahdidi kuchayganidan ogohlantirdi.

Turkiya ichki ishlar vazirligi esa so‘nggi kunlarda IShIDga aloqador deb ko‘rilayotgan 147 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring