Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroparlament deputati G‘azodagi qirg‘inni jim kuzatib tura olmadi (video)

Yevroparlament deputati G‘azodagi qirg‘inni jim kuzatib tura olmadi (video)

Yevropa parlamentining belgiyalik a’zosi, leyboristlar partiyasi vakili Mark Botengi Isroil tomonidan G‘azoda amalga oshirilayotgan harbiy harakatlarni «bolalarga qarshi urush» deb atadi.

Anadolu axborot agentligi chop etgan videolavhada siyosatchi G‘azoda 7700 dan ziyod ma’sum bola halok bo‘lganini keskin qoralaganini ko‘rish mumkin.

Notiqqa ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Falastin masalasida ikkiyuzlamachilik qilmoqda.

«Bunday holat Ukrainada ro‘y berganida uni genotsid deb atadingiz. Endi esa ko‘pchiligingiz Isroilni oqlamoqdasiz», – deya Tel-Avivni dastaklayotgan hamkasblarini izza qilgan Mark Botengi.

Ta’kidlanishicha, yevropalik siyosatchilar Isroilni qo‘llab-quvvatlash va qurol-aslaha yetkazish bilan mudhish jinoyatga sherik bo‘lmoqda.

Deputat Isroilni butun Falastin halqiga qarshi urush olib borish va G‘azoning ikki milliondan ziyod aholisini surgun qilishga urinishda ayblagan.

Isroil armiyasi 7 oktyabrdan buyon HAMASga qarshi amalga oshirayotgan harbiy harakatlarda halok bo‘lgan falastinliklar soni 19400 dan oshib ketdi. G‘azoda tinch aholi vakillari, jumladan, bolalar va ayollar o‘limi oshib borayotgan pallada Yevropada Tel-Avivning harbiy harakatlariga qarshi bayonotlar ko‘proq yangramoqda.

Avvalroq Belgiya bosh vaziri o‘rinbosari Petra de Satter Isroilga qarshi moliyaviy jazo choralari qo‘llashni taklif qilgan edi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ham begunoh aholi vakillari o‘ldirilishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmas zo‘ravonlik deb atagan.

Ispaniya ijtimoiy siyosat vaziri Ione Belarra esa G‘azoda amalga oshirilayotgan qatliom uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Xalqaro jinoiy sudga tortishni talab qilgan.

So‘nggi kunlarda Isroilni har jihatdan dastaklab kelgan Yevropadagi ittifoqchilari ham sulh kerakligi haqida gapira boshladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring