Flamingolar uchun «jannat». Noyob qushlarning ko‘payish ko‘rsatkichi ma’lum qilindi
2021-yili Turkiya hududidagi Tuz ko‘lida 1900 ga yaqin flamingo dunyoga keldi. Mamlakat atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vazirligiga ko‘ra, bu Yevropa bo‘yicha ko‘rsatkichning 34 foizini tashkil etmoqda.
Anqaradan 150 km masofada joylashgan Tuz ko‘li 1665 kvadrat kilometr hududni egallaydi. Mazkur suv havzasi Turkiyadagi ikkinchi yirik ko‘l va dunyodagi eng katta sho‘rlangan ko‘llardan biri hisoblanadi. Tuz ko‘li flamingolar ko‘payadigan kam sonli hududlardan biridir. Ko‘lning suv harorati va iqlim sharoiti maqbul bo‘lganda, tuxumdan minglab polaponlar yorib chiqadi. Qulay tabiiy sharoiti tufayli Tuz ko‘li «flamingolar uchun jannat» deb ataladi.
Qizilg‘oz ham deb nomlanuvchi flamingolar «muhojir» – uchib o‘tuvchi-uyalovchi qushlar sirasiga kiradi. Minglab qushlar ko‘payish uchun Tuz ko‘lini makon tutadi. Polaponi uchishni o‘rgangunga qadar ona qush ham unga g‘amxo‘rlik qiladi.
Anqaradagi Tabiatni muhofaza qilish markazining biologik xilma-xillik dasturi koordinatori Ozge Balkizning ta’kidlashicha, Tuz ko‘li O‘rtayer dengizi va Shimoliy Afrika hududlarga safar qiluvchi flamingolar uchun ham qulay boshpana vazifasini o‘taydi. Yaratganning mo‘’jizalaridan biri sanalgan mazkur qushlarning ko‘payishi ko‘l suvi cathiga bog‘liq.
Flamingolar, shuningdek, Turkiyaning Markaziy Onado‘li, Egey, Qora va Marmar dengizi mintaqalarida uchraydi.
Qayd etish joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan Sudoche ko‘lini yuzlab qushlar qatorida flamingolar ham makon tutgan. Qizilg‘ozlar Qoraqalpog‘istonning yana bir necha hududi – Vozrojdeniye oroli, g‘arbiy Qorateran ko‘li, Shegeko‘l (Mejdureche suv saqlagichi), Sariqamish ko‘li, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘i va Jaltirbas ko‘lida ham uchraydi. Ornitolog olimlarning fikricha, flamingolar Qoraqalpog‘istondan asosan uchib o‘tish, uzoq safar oldidan oziqlanish uchun foydalanadi. «Qizil kitob»ga kiritilgan bu jonivor Amudaryo suv havzalari, Sirdaryo va Zarafshon bo‘ylarida ham tarqalgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter