Flydubai samolyotida favqulodda hodisa: ochiq qolayotgan savollar
Birlashgan Arab Amirliklari vakolatli idoralari Flydubai uchog‘ida 30 sentyabr kuni ro‘y bergan hodisa avvaldan rejalashtirilgan teraktmi yoki voqea ortida boshqa motivlar mavjudmi degan masalasiga oydinlik kiritish uchun tergov boshladi.
Euronews telekanali xabar berishicha, tergov guruhi BAA Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda surishtiruv olib bormoqda.
Avval xabar berganimizdek, Flydubai shirkatining Dubaydan Tel-Avivga FZ1073-reys bilan parvoz qilayotgan uchog‘i 30-sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 09:00 da «samolyotni egallab olishga urinish» signali berilgach, Saudiya Arabistonining Tabuk shahridagi aeroportga favqulodda qo‘ngan.
Hodisa uchuvchilar kabinasidagi janjal sabab yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda. Asosiy versiyaga ko‘ra, ikkinchi uchuvchi bort komandiriga pichoq bilan hujum qilib, samolyot boshqaruvini o‘z qo‘liga olishga uringan.
Kurash vaqtida samolyot Saudiya Arabistoni hududi ustida atigi 29 soniyada 9410 metrdan 5105 metrgacha keskin pasaygan.
«To‘satdan samolyot xuddi attraksiondagiday katta bosim ostida pastga qulay boshladi. U 20 yoki 30 soniya davomida shiddat bilan quladi, so‘ng barqarorlashdi, shundan so‘ng yana qulay boshladi», — deya hikoya qilgan Almog Itali ismli yo‘lovchi.
Boeing 737 MAX 8 bortida 174 kishi, jumladan, 27 nafar bola bo‘lgan. Ularning aksari Isroil fuqarolari edi.
Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, dastlab uchuvchilar kabinasidan baqir-chaqir eshitilgan. Keyin kabina eshigi ochilib, yo‘lovchilar uchuvchilardan biri jarohatlangani va kiyimlari qonga belanganini ko‘rgan. Unga kasbi shifokor bo‘lgan yo‘lovchi ilk tibbiy yordam ko‘rsatgan. Ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar hujum qilgan shaxsni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Samolyotni Saudiya Arabistoniga bortda yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki nafar boshqa uchuvchi qo‘ndirgan. CNN ma’lumotiga ko‘ra, ular keyingi reysni amalga oshirishi kerak bo‘lgan zaxira uchuvchilar edi.
Flydubai shirkati hodisadan bir necha soat o‘tib, Saudiyaga boshqa uchoqni yo‘llagan va Isroilning 170 ga yaqin fuqarosi vataniga qaytarilgan.
Samolyotdagi favqulodda hodisa payti jarohatlangan uchuvchi Hindiston fuqarosi Smit Machchxar bo‘lib, u ayni paytda shifoxonada muolaja olmoqda. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘z vatandoshini yuzlab inson hayotini saqlab qolgan qahramon deb atadi.
Isroil rasmiylari hodisani terrorchilik harakati deb atagan. Biroq bu borada hozircha yakuniy xulosa yo‘q.
BAA hukumati ham, Saudiya Arabistoni hukumati ham aniq bayonot berganicha yo‘q.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu birinchi uchuvchiga hujum qilgan ikkinchi pilot O‘mon fuqarosi ekani va u ayni paytda Saudiya Arabistonida tergov qilinayotganini ma’lum qilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp hodisani Netanyahu bilan telefon orqali suhbatda muhokama qilgani, hujum qilib hamkasbini yaralagan uchuvchi terrorchi yoki telba bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Buyuk Britaniyaning The Independent gazetasiga ko‘ra, Flydubai uchog‘ida ro‘y bergan favqulodda hodisa Isroil bosh vaziri Netanyahu foydasiga ishlashi mumkin.
Gap shundaki, joriy yil 27-oktyabr kuni Isroilda parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. G‘azo sektorida so‘nggi uch yil ichida o‘n minglab tinch aholi vakilini o‘ldirishda ayblanayotgan Netanyahu saylovda yahudiy elektoratining ovozini olish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda.
The Independent sharhlovchisi Sam Kaylining yozishicha, Netanyahu uchoq bilan bog‘liq hodisadan foydalanib, saylovchilarni Isroil tahdid ostida ekani, mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun u kabi qattiqqo‘l rahbar kerakligi haqidagi fikriga ishontirishga urinadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter