Fransiya bunday vahshiylikka ko‘z yuma olmaydi

Xayrixohlik ramzi: Eyfel minorasi – Ukraina bayrog‘i ranglarida.
Ukraina hududi, xususan, Bucha shahrida Rossiya qo‘shini tomonidan sodir etilgan vahshiyliklarga Fransiya tomoshabin bo‘lib tura olmaydi. Bu haqda mamlakat Yevropa va tashqi ishlar vazirligi, ichki ishlar hamda adliya vazirliklari tomonidan tarqatilgan, «Jazosizlikka qarshi kurash» deb atalgan qo‘shma kommyunikeda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Fransiya Ukraina hamda boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda harbiy jinoyat deb baholash mumkin bo‘lgan mudhish hatti-harakatlarni jazosiz qolib ketmasligi uchun qat’iy choralar ko‘radi.
Avval xabar berganimizdek, Ukraina harbiylari Kiyev viloyatining Bucha shahrini qaytarib olgach, jangovar harakatlar davridagi eng mudhish manzaralardan biriga duch keldi. Mahalliy hokimiyat vakillariga ko‘ra, shaharning ko‘plab mavzelarida tinch aholi vakillari o‘ldirilgan.
Buchadagi mudhish holatni xalqaro hamjamiyat, jumladan, Yevropa Ittifoqi qoraladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Fransiya prezidentining topshirig‘iga ko‘ra Ukrainadagi harbiy jinoyatlarni o‘rganishda rasmiy Kiyev va Xalqaro jinoiy sudga (XJS) ko‘mak ko‘rsatish uchun vakolatli tuzilmalar safarbar qilingan. Xususan, Buchadagi qirg‘in ortidan Ukrainaga Fransiya ichki ishlar vazirligining texnik guruhi yuborilgan. Sud-tibbiyot eksperti va kriminologiya bo‘yicha mutaxassislardan iborat guruh harbiy jinoyatlarni hujjatlashtirish, umuman, tergov-surishtiruv jarayoniga yordam beradi. Ular portlovchi moddalarni o‘rganishdan tortib DNK namunalarini tadqiq etishga qadar – murakkab yo‘nalishlar bo‘yicha malaka va tajribaga ega mutaxassislar sanaladi. Bundan tashqari, tezkor genetik tahlil uchun LAB’ADN deb atalgan sayyor laboratoriya safarbar etilmoqda.
Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Ukraina so‘roviga ko‘ra Rossiya mansabdor shaxslariga nisbatan ehtimoliy og‘ir jinoyatlar yuzasidan surishtiruv-tergov boshlaganidan xabaringiz bor.
Fransiya bu jarayonga ko‘mak maqsadida Xalqaro jinoiy sudga ikki nafar sudya-prokuror tuzilmasi vakili hamda 10 nafar tergovchi yuborgan. Shuningdek, mahkama uzluksiz faoliyat yuritishi uchun yillik badalga qo‘shimcha ravishda 500 ming yevro mablag‘ ajratgan.
«Fransiya Yevropa Ittifoqi kengashi raisi sifatida yaqin kunlarda Bryusselda a’zo davlatlar va YeI tuzilmalari, xususan, Yevropa politsiya xizmati va Yevropa adliya agentligining Ukrainadagi ehtimoliy harbiy jinoyatlarni tergov qilish va ochish borasida hissasini muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘z tashabbusini taqdim etadi. Qadriyatlariga sodiq qolgan holda, Fransiya bu kabi vahshiyliklarga aslo ko‘z yummaydi», – deyiladi qo‘shma bayonotda.
Avvalroq Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian ham Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlari, xususan, Bucha shahridagi ommaviy beboshliklarni keskin qoralagan edi. Fransiya bosh diplomati bosqinchilik urushini to‘xtatish uchun Rossiyaga iqtisodiy va xalqaro bosimlarni kuchaytirish lozimligini ta’kidlagandi.
Rasmiy Parij urush olovi ichida qolgan mamlakatga gumanitar ko‘mak ko‘rsatish borasida ham faollik qilmoqda. Hozirga qadar Ukrainaga Fransiyadan tonnalab oziq-ovqat va dori-darmon, tibbiy uskunalar, shuningdek, o‘nlab o‘t o‘chirish, tez yordam va qutqaruv mashinalari, kommunikatsiya vositalari yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter