Fukuyama Ukraina urushi sobiq Ittifoq davlatlariga qanday ta’sir etishini aytdi
Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi olib borilayotgan urush xotimasi nafaqat mintaqa, balki butun dunyoga ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda AQShning Stenford universiteti professori Frensis Fukuyama an’anaviy Yalta Yevropa strategiyasi (YES) uchrashuvida gapirgan.
Taniqli siyosatshunos bosqin, avvalo, sobiq SSSRning Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlariga salbiy ta’sir etadi deb hisoblaydi.
«Agar Rossiya urushda g‘alaba qozonsa va Ukrainaning bosib olingan hududlarini saqlab qola bilsa, Gruziya, Moldova va Qozog‘iston kabi mamlakatlarning har biri tezkor ta’sirni his etadi. Zero, Rossiya ularning suveren hududlariga da’vo qilmoqda. Umid qilamanki, bu davlatlar erkin demokratiyani ravnaq toptirish yo‘lida davom etadi», – deydi olim.
Bosqin xotimasi Janubi-Sharqiy Osiyoda ham kuchli aks sado beradi.
«Yaqingacha Xitoy Tayvanga qarshi kuch ishlatishi va ushbu mamlakatning demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatini ag‘darib tashlashini mintaqada hech kim xayoliga ham keltirmas edi», – deydi Fukuyama.
Qayd etilishicha, rus bosqini qanday yakun topishi AQShdagi ichki siyosiy jarayonlarga ham o‘z hukmini o‘tkazadi. Moskvaning qo‘li baland kelgudek bo‘lsa, yumshoq avtoritar model yoki «temir qo‘l» boshqaruvini yoqlayotgan o‘ng siyosiy kuchlarning kuni tug‘adi.
Avvalroq professor Fukuyama American Purpose nashrida chop etilgan maqolasida Ukraina urushi yuzasidan 12 banddan iborat bashorat va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashgan edi. Olim, xususan, Rossiya Ukraina zaminida mag‘lubiyatga uchrashi, bu esa global demokratiyaning o‘limi haqidagi taxminlarga yo‘qqa chiqarishi haqida gapirgan edi.
70 yoshli Yosixiro Frensis Fukuyama – yapon millatiga mansub Amerika faylasufi, siyosatshunos, siyosiy iqtisodchi va yozuvchi. Dunyo bo‘ylab shov-shuv uyg‘otgan «Tarixning tugashi va so‘nggi odam» bestselleri muallifi.
Fukuyama urush boshlangan ilk kunlarda Putin harbiy harakat boshlagani sababini ham izohlagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter