Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Keskinlik davom etadi: husiylar Saudi Aramco obyekti va harbiy aviabazaga hujum qildi

Keskinlik davom etadi: husiylar Saudi Aramco obyekti va harbiy aviabazaga hujum qildi

Illyustrativ foto

Foto: Getty Images

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aytiladigan Yamanning Ansor Alloh (husiylar) harakati Yanbu shahridagi Saudi Aramco obyekti va Xamis Mushayt aviabazasiga ballistik raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan zarbalar berilgani haqida xabar qildi. Bu haqda husiylar harbiy vakili Yahyo Sariyaning X ijtimoiy tarmoq akkauntida chop etilgan bayonotida aytilgan.

Sariya Saudiya Arabistoni Yamanda 450 dan ortiq havo hujumlarini amalga oshirganini da’vo qilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, husiylar Yanbu shahridagi Saudi Aramco obyektiga ko‘p sonli ballistik raketalar va dronlar yordamida hujum qilishgan. Harbiy vakil obyektga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berilganini, Xamis Mushayt aviabazasiga esa bir qator raketa zarbalari amalga oshirilganini ta’kidladi.

Husiylar Saudiya Arabistonining ichki hududlariga hujum qilishda davom etadilar va "blokada evaziga blokada va hujum evaziga hujum" bilan javob berishadi, deb va’da berdi Sariya. Ayni paytda, Saudiya Arabistoni husiylarning hujumlar haqidagi da’volariga hali izoh bermadi.

Kun avvalida husiylar harbiy vakili Saudiya Arabistonining F-15 qiruvchi samolyoti urib tushirilgani haqida xabar bergan edi.

Yamandagi mojaro

Yamandagi mojaroning yana avj olishi, yerdagi kuchlar muvozanatida sezilarli o‘zgarishlarga olib keldi.

Butun Hodeyda viloyati ustidan nazoratni o‘rnatgandan so‘ng, husiylar g‘arbga, Taiz viloyatiga qarab yurishdi va Qizil dengiz sohilidagi shaharlarni, jumladan, Moxani, shuningdek, Bab el-Mandeb bo‘g‘oziga chiqishni ta’minlaydigan yo‘llarni nazoratga olishdi.

Moxa shahridan keyin husiylarning Hanish arxipelagi, Mayun orolini va Bab el-Mandeb bo‘g‘ozi yaqinidagi Zubab mintaqasini egallab olishi mojaro zonasidagi vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring