Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Insoniyat tarixidagi eng birinchi urushga nima sabab bo‘lgan?

Insoniyat tarixidagi eng birinchi urushga nima sabab bo‘lgan?

Foto: «Shutterstock/FOTODOM»

Olimlarning ta’kidlashicha, insoniyat tarixidagi eng birinchi urushlardan biri iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ular Nil vodiysida topilgan qoldiqlarni o‘rganib chiqib, shunday xulosaga kelishdi, deb yozadi Scientific Report.

O‘tgan asrning 60-yillarida Jebel Sahab deb nomlangan joyda 61 kishining skeletlari topilgandi. Qabrlar 13 ming yillik deb taxmin qilingan — bu Misr qirolligi vujudga kelishi va piramidalar qurilishidan ancha oldin paydo bo‘lgan.

Suyaklarga jiddiy zarar yetgan. Ekspertlar nayza va o‘q kabi sanchiluvchi qurollardan ko‘plab jarohat izlarini topishgan.

Uzoq vaqtgacha bu odamlar tarixdagi birinchi uyushtirilgan jang qurboni bo‘lgan deb kelingan. Ammo yangi tadqiqot mualliflari ushbu nazariyani shubha ostiga qo‘yishdi.

Olimlar so‘nggi ilmiy usullardan foydalangan holda qoldiqlarni qayta ko‘rib chiqdilar va odamlar bir necha jangda, ammo turli vaqtlarda o‘lganligini aniqladilar.

«Ehtimol, ular bir necha yil davom etgan vaqti-vaqti bilan va takrorlanuvchi zo‘ravonlik paytida o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin», — deya ta’kidlashdi mualliflar.

Suyaklarda bitgan va bitmagan jarohat izlari bor — bu odamlar hayoti davomida muntazam ravishda zo‘ravonlikka duch kelganligining dalili. Bundan tashqari, erkaklar, ayollar va bolalar bir xil azob chekishgan. Ba’zilarining suyaklariga tosh qurol tangachalari yopishib qolgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, «ayollarning bilagi, erkaklarning yesa qo‘llari ko‘proq singan». Bu ular yaqin jang paytida o‘zlarini himoya qilishga uringanini anglatadi. Bolalarda ko‘proq to‘mtoq buyum bilan yetkazilgan bosh jarohatlari aniqlangan.

Radiouglerod sanalash skeletlar 13400 yillik ekanligini tasdiqladi. Shunga ko‘ra Jebel Sahab dunyodagi eng qadimgi qabriston va shaxslararo zo‘ravonlikning namunasi hisoblanadi.

Uzoq davom etgan urushga, ehtimol, iqlim va atrof-muhit o‘zgarishi sabab bo‘lgandir. Taxminan shu davrda oxirgi muzlik davri tugagan. Nil vodiysida qattiq qurg‘oqchilik boshlanib, odamlarni suv va boshqa manbalardan foydalanish uchun kurashishga majbur qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring