Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil AQShga Turkiya borasida so‘rov yo‘lladi

Isroil AQShga Turkiya borasida so‘rov yo‘lladi

Turkiyaning F-35 uchoqlariga ega bo‘lishi Isroilning harbiy ustunligiga chek qo‘yishi mumkin.

Isroil hukumatining yuqori martabali mulozimi AQSh Kongressidan Turkiyaga F-35 qiruvchi uchoqlarini sotishni man etishni so‘radi. Tel-Avivga ko‘ra, Anqaraning mintaqaviy siyosati istiqbolda Isroil davlati xavfsizligiga tahdid tug‘diradi.

Isroil mulozimi Breitbart News nashriga intervyusida AQShning F-35 uchoqlari yaqinda Eronga qarshi olib borilgan 12 kunlik urushda muhim rol o‘ynaganini ta’kidlagan.

Yahudiy davlati ma’muriyati fikricha, Turkiyaning bunday zamonaviy harbiy uchoqlarga ega bo‘lishi mintaqada beqarorlik keltirib chiqadi. Isroil hukumatini Turkiyaning “Usmoniylar davlatining qayta tug‘ilishi” haqidagi bayonotlari xavotirga solayotgani aytilmoqda.

Isroil mulozimi yaqin muddatda Turkiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv ehtimoli kamligi, ammo kelajakda shunday ixtilof ro‘y berishi mumkinligini qayd etgan.

Turkiya 2019 yilda Rossiyaning S-400 havo hujumidan mudofaa tizimini sotib olishi ortidan AQSh tomonidan F-35 dasturidan chetlatilgan edi. Bu qarorni adolatsiz deb atagan Turkiya hukumati ushbu masalada AQSh bilan muzokaralar olib borayotgani ma’lum. Xususan, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on iyul oyida boshida F-35 oldi-sotdisi masalasida hamkasbi Donald Tramp bilan gaplashgani, Tramp o‘z vakolat muddati yakuniga qadar Turkiyaga ushbu rusumdagi qiruvchi uchoqlarni yetkazib berishiga umid qilishini aytgandi.

AQShning Anqaradagi elchisi Tom Barak ham Turkiyaning F-35 dasturiga qaytishini istisno etmagan.

So‘nggi vaqtlarda Turkiya va Isroil o‘rtasida diplomatik taranglik kuchaymoqda.

Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida amalga oshirayotgan qonli urushni Turkiya rahbariyati keskin tanqid qilib kelmoqda. Eronga uyushtirilgan hujumni ham Turkiya qattiq qoraladi.

G‘azoda tinch aholi orasida qurbonlar soni oshib borishi fonida Anqara va Tel-Aviv diplomatik ziddiyati ortmoqda.

Hatto Isroilning keyingi harbiy nishoni Turkiya bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar muhokama etilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Turkiyaning Yaqin Sharqdagi nufuzi oshib borayotgani Isroilga yoqmayotir. Joriy yil aprel oyida Netanyahu AQSh prezidenti Donald Trampga Suriyada Turkiyaning ta’siri oshib borayotganidan shikoyat qilgani va Anqaraga bosim o‘tkazishni so‘ragani ma’lum. Ammo o‘sha gal Tramp Netanyahuning ra’yini qaytargan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring